]
Jamoat tashkilotlari va OAV Davlat dasturi bajarilishining borishi bo‘yicha axborot berdilar
21.06.2017 | Ko`rilgan: 469

2017-yilning 21-iyun kuni «Media Hall NAESMI» binosida jamoat tashkilotlari, NNT, siyosiy partiyalar, davlat idoralari matbuot xizmati xodimlari, oliy o‘quv yurti hamda OAV vakillari ishtirokida «Harakatlar strategiyasi: jamoatchilik va OAVning ishtiroki» mavzuidagi hisobot konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Hisobot konferensiyasi davomida jamoat tashkilotlari rahbarlari 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi tadbirlari bajarilishi bo‘yicha axborot berdilar.

Tadbir “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan O‘zEOAVMA bilan hamkorlikda Harakatlar strategiyasining amalga oshirib borilishi to‘g‘risida aholini, tadbirkorlik sub'ektlarini, fukarolik jamiyati institutlarini va xalqaro jamoatchilikni keng xabardor qilish, bu borada amalga oshiriladigan tadbirlarning va galdagi turgan vazifalarni jamoatchilik o‘rtasida keng muhokama etish maqsadida tashkil etildi.

Konferensiya davomida “Harakatlar strategiyasi ijrosi haqida aholining xabardorligini oshirishda tele- va radiokanallarning roli, zamonaviy formatlardan foydalanishning muhimligi”, “Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyatini aholiga yetkazishda fuqarolik jamiyati institutlarining, ayniqsa jamoat tashkilotlarining faol pozitsiyasi”, “Bosma ommaviy axborot vositalarida Davlat dasturi ijrosini keng yoritib borish masalalari”, “Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar bajarilishiga aholining daxldorlik tuyg‘usini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar”, “Davlat dasturi ijrosi va jamoatchilik monitoringiga yoshlarni jalb qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar” kabi qator mavzular muhokama qilindi.

Ochiq muloqot, muhokama, taklif hamda savol-javoblar uchun ajratilgan vaqt davomida, OAV tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida aholining keng qatlamlarini tezkor va sifatli xabardor qilish, bunda vazirlik va idoralarning matbuot xizmatlari va OAV vakillari o‘rtasida hamkorlikni yanada samarali tashkil etish mavzusi qizg‘in muhokama etildi. Shuningdek, Harakatlar strategiyasi mazmun mohiyati va erishilgan yutuqlarni keng ommaga xalqchil tilda yetkazish, turli zamonaviy uslub va formatlardan foydalanish bo‘yicha ham fikrlar bildirildi.

Hisobot konferensiyasi davomida, shuningdek Harakatlar strategiyasini amalga oshirish jarayonlariga bag‘ishlangan “Harakatlar strategiyasi” davriy byulletenini ishlab chiqish  va chop etishni yo‘lga qo‘yish taklifi muhokama qilindi. Mazkur byulleten Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar, sa'y-harakatlarni umumlashtirishi va yagona to‘plam ko‘rinishida tarqatilishi ko‘zda tutilgan.

Tadbir davomida bildirilgan yana bir e'tiborga molik tashabbuslardan biri – bu “Harakatlar strategiyasi” milliy mukofotini ta'sis etish bo‘ldi. Taklif etilayotgan Milliy mukofot haqida qisqa videorolik taqdim etilib, loyihaning o‘tkazilish tartibi, nominatsiyalari va muddatlari tanishtirildi. 

Hisobot konferensiyasi yakunlariga ko‘ra, jamoat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan tadbirlarni samarali yoritish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishga kelishib oldilar.