]
Pensionerlar Toshkent metrosidan bepul foydalanish huquqiga ega bo‘ldi
15.03.2017 | Ko`rilgan: 148

15-martdan 10:00—16:00 soat oralig‘ida pensionerlar metropolitendan bepul foydalanishlari mumkin. Buning uchun pensiya guvohnomasining ko‘rsatilishi kifoya.

Mazkur yilning 15 martidan boshlab, pensionerlar 10:00—16:00 soat oralig‘ida Toshkent metropolitenidan bepul foydalanishlari mumkin. O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 9 mart kuni shu haqda qaror qabul qildi. Shu kunning o‘zida poytaxt hokimining ham tegishli qarori imzolandi.

Pensionerlar uchun ko‘rsatib o‘tilgan vaqt davomida metropolitendan bepul foydalanishni joriy etish to‘g‘risidagi rejalar haqida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev o‘z saylovoldi dasturlaridan birida to‘xtalib o‘tgan edi.

Toshkent hokimiyatida bo‘lib o‘tgan brifingda metropoliten boshlig‘i Oybek Xudoyqulovning jurnalistlarga xabar berishicha, bepul yurish huquqidan foydalanish uchun pensionerlarning metropoliten operatoriga pensiya guvohnomasini ko‘rsatishi kifoya qiladi.

Operator pensionerga maxsus (odatiylaridan farq qiluvchi) bir martalik jetonni taqdim etadi. Bunday jetondan foydalanish uchun maxsus turniket ajratilgan.

Pensionerlar uchun belgilangan vaqt oralig‘ida metropoliten xizmatidan foydalanishda cheklovlar yo‘q, biroq har safar alohida jeton olinadi. Qaror nafaqat poytaxt, balki O‘zbekistonning barcha pensionerlari uchun tadbiq etiladi.

Metropolitenning yo‘qotilgan daromadlari O‘zbekiston byudjeti hisobidan qoplanadi.