]
“O`zbekiston obidalaridagi bitiklar” loyihasining 250 ta to'plami milliy va jahon kutubxonalariga taqdim etildi
23.06.2017 | Ko`rilgan: 189

23 iyun kuni O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, O`zR FA huzuridagi Sharqshunoslik instituti, UNESCOning O`zbekistondagi vakolatxonasi, “Uzbekistan Today” axborot agentligi, “Mening yurtim” va “Caravan TV” telekanallari tomonidan “O`zEOAVMA Media hall”da “Uzoq o`tmishdan maktublar: ta`lim, ma`rifat, tinchlik va bunyodkorlik o`zbek xalqining abadiy qadriyatlari sifatida” mavzuidagi xalqaro media-anjuman o`tkazildi.

Media-anjumanda qatnashish uchun O`zbekiston Respublikasi ilmiy jamoatchiligi, milliy kutubxonalar, davlat, jamoat va xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus hamda OAV vakillari taklif etildi.

Media anjumanda “O`zbekiston obidalaridagi bitiklar” turkumiga kiritilgan 13-jild, ya`ni Toshkent viloyatiga bag`ishlangan kitob-albom taqdimoti ham bo`lib o`tdi. Mazkur kitob viloyatdagi “Zangi ota” me'moriy majmuasi va bir qancha osori atiqalardagi bitiklarga bag`ishlangan.

“O`zbekiston obidalaridagi bitiklar” loyihasi doirasida hukumat va jamoat tashkilotlari ko`magida mamlakatimizdagi me`morchilik obidalaridagi bitiklarni o`rganish va umumlashtirish, turkum kitob-albomlar ko`rinishida taqdim etish bo`yicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Bungacha biror-bir musulmon mamlakatida bu kabi ishga qo`l urilmagan.

Ayni paytda Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi qadimiy me`moriy obidalardagi epigrafik matnlarni o`qish va ularni tarjima qilish bo`yicha boy tajribaga ega mutaxassislardan tarkib topgan ijodiy guruh tashkil etildi.

O`tgan yillar davomida Qoraqalpog`iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Navoiy, Namangan, Surxondaryo, Farg`ona, Qashqadaryo viloyatlari, Xiva va Toshkent shaharlari, shuningdek, Samarqandning ikki yirik tarixiy me`moriy majmuasi – Registon va Shohi Zinda bitiklariga bag`ishlangan jami 12 ta kitob-albom taqdim etildi.

Tadbirning muhim voqeasi sifatida “O`zbekiston obidalaridagi bitiklar” loyihasining 3250 dona kitob-albomini o`z ichiga olgan 250 ta to`plamni ilmiy-ta`lim muassasalari, milliy va jahon kutubxonalari hamda muzeylar vakillari, diplomatik missiyalar rahbarlariga hadya sifatida taqdim etishga bag`ishlangan ilmiy-ma`rifiy aktsiya o`tkazildi.

Ilmiy-ma`rifiy aksiya doirasida “Darakchi inform service” MChJ tomonidan to`plamlarni hadya sifatida olish huquqini beruvchi sertifikatlar tantanali topshirildi.