]
TSM vakillari Jizzax EIZ tadbirkorlari bilan uchrashuvda
29.06.2017 | Ko`rilgan: 157

2017-yil 29-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida O‘zbekiston Respublikasining 1996 yil 25 apreldagi “Erkin iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi Qonunining ijrosi bo‘yicha olib borilgan nazorat-tahlil faoliyati yakunlari hamda Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning borishiga bag‘ishlangan sayyor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi vakillari bilan bir qatorda “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati, “O‘ztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi, Jizzax viloyati hokimligining mutasaddilari, “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasi ishtirokchisi bo‘lgan mahalliy va xorijiy korxonalar xodimlari, shuningdek respublika va mahalliy OAV vakillari ishtirok etdilar.

“Jizzax” erkin iqtisodiy zonasi majlislar zalida bo‘lib o‘tgan yig‘ilish, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi haqidagi taqdimot bilan boshlandi. “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Akmal Burxanov chiqishi davomida ishtirokchilarga Harakatlar strategiyasi hamda Markaz faoliyati haqida atroflicha ma'lumot berdi.

Yig‘ilish davomida Erkin iqtisodiy zonalar Ma'muriy Kengashi tomonidan tasdiqlangan 93ta elektronika, elektrotexnika, mashinasozlik, qurilish materiallari, oziq-ovqat, yengil sanoat, farmatsevtika va kimyo sanoati sohalarida ustuvor etib belgilangan loyihalarning amalga oshirilishi holati, mazkur loyihalarning qurilishi tugallanmagan va bo‘sh turgan binolariga joylashtirish, Bosh reja asosida bo‘sh yer maydonlarini ajratish, 2014-2016 yillarda umumiy qiymati 264,1 mln. AQSh dollari, shundan 165,5 mln. dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri  xorijiy investitsiyalar bo‘lgan 25 ta, shu jumladan, “Jizzax” EIZning Sirdaryo filialida joylashtirilgan 7 ta, shuningdek umumiy qiymati 203,9 mln. AQSh dollari bo‘lgan, shundan 51,3 foizi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni tashkil etadigan bugungi kunda amalga oshirilayotgan 7 ta loyihalarning bajarilishi, istiqboldagi umumiy qiymati –163,3  mln. AQSh dollarni tashkil etadigan 11 ta yangi loyihalar bo‘yicha xorijiy va mahalliy investorlar bilan ularni amalga oshirish shartlari va bosqichlari, “Jizzax” EIZ hududida mahsulot ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish, yangi ish o‘rinlarining yaratilishi hamda kasb-hunar kolleji bitiruvchilarini ish bilan ta'minlash yuzasidan ko‘rilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

“Jizzax” EIZ hududida yuqori texnologiyali yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, raqobatdosh va eksportga yo‘naltirilgan zamonaviy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport, ijtimoiy infratuzilma va logistika xizmatlarini jadal rivojlantirishni ta'minlash uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishni kengaytirish masalalariga yig‘ilish ishtirokchilari alohida to‘xtalib o‘tdilar.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 1-iyuldagi 190-son qaroriga asosan “Jizzax” EIZ ishlab chiqarish, transport, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida 2014-2017 yillarda 107,2 mlrd. so‘mlik, O‘zbekiston Respublikasining 2017 yilgi Investitsiya dasturi doirasida 16,2 mlrd. so‘mlik kapital mablag‘lar o‘zlashtirilib, barcha zarur muxandislik-kommunikatsiya tarmoqlari – gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi, oqava suv quvurlari – “bir darcha” tamoyili bo‘yicha “Jizzax” EIZ ishtirokchi-korxonalarining ishlab chiqarish hududigacha tortilgan holda va ularning kafolatli ulanishi ta'minlangani, xususan, dastur doirasida 19 km uzunlikdagi avtomobil yo‘llari yangidan qurilgani va rekonstruksiya qilingani, 5,7 km – ichimlik suv tarmog‘i, 8,0 km – yuqori bosimli gaz tarmog‘i, 2 ta elektr taqsimlash punktlari (RP) qurilgani, shuningdek EIZ hududida amalga oshirish rejalashtirilgan yangi loyihalarning ehtiyojidan kelib chiqqan holda dastlabki quvvati 25 MVt bo‘lgan yangi nimstansiya qurish va 4,8 km uzunlikdagi yuqori kuchlanishli kabellar tortish hamda 6 km uzunlikdagi ichki gaz tarmoqlarini qurish bo‘yicha loyihalash ishlari olib borilayotgani to‘g‘risida xabar berildi.

Shu bilan birga, o‘rganishlar davomida “Jizzax” EIZda hali o‘zining ichki imkoniyatlardan to‘liq va oqilona foydalana olmayotganligi aniqlandi. Deputatlar tomonidan “Jizzax” EIZ direksiyasining e'tibori “Jizzax” EIZ ishtirokchisi bo‘lgan korxonalar tomonidan 2016-yil 367 193,5 mln. so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilganiga qaramay, amalda bo‘ ko‘rsatkich 292 492,8 so‘mni tashkil etgani, 49 574,8 AQSh dollari miqdoridagi mahsulot eksport qilinishi nazarda tutilgan bo‘lsa-da, bor yo‘g‘i 14 694,1 AQSh dollari ekvivalentidagi mahsulot eksport qilingani, bundan tashqari joriy yilning o‘tgan besh oyi davomidagi eksport ko‘rsatkichlari prognoz paramertlari doirasida bo‘lmaganlining sabablarini chuqur tahlil qilinishi lozimligiga qaratildi.

Tadbirda deputatlar va mutaxassislar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Erkin iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi Qonuni va qonun osti hujjatlari o‘rtasidagi nomuvofiqliklarni bartaraf etish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 26 oktyabrdagi PF-4853-son “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 10 apreldagi 196-son “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, Qonunga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish muhimligi yuzasidan bir qator taklif va mulohazalar bildirildi.

Tadbir yakunida tegishli qaror qabul qilinib, erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.