]
Bolonya jarayoni doirasida oliy ta'limni modernizatsiyalashga innovatsion yondashuvlar
04.07.2017 | Ko`rilgan: 236

2017-yilning 4-iyul kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazida «Bolonya jarayoni doirasida oliy ta'limni modernizatsiyalashga innovatsion yondashuvlar» mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. Seminar davomida 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining oliy ta'lim tizimiga bog‘liq bir qator masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar almashinuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbir «Taraqqiyot strategiyasi» markazi hamda O‘zbekistondagi Erasmus+ milliy ofisi hamkorligida tashkil etilib, unda O‘zbekistondagi yevropa Ittifoqi delegatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi vakillari, yeI komissiyasining texnikaviy yordamini muvofiqlashtirish byurosi, Oliy ta'lim sohasi ekspertlar Milliy guruhi, Tempus va Erasmus+ loyihalari vakillari, oliy ta'lim muassasalari va boshqa manfaatdor tashkilot vakillari ishtirok etdilar.

Ma'lumki, Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturida oliy ta'lim tizimini tubdan takomillashtirish Dasturini ishlab chiqish nazarda tutilgan. Ushbu Dastur doirasida milliy kadrlarning raqobatbardoshligi va umumjahon amaliyotiga asoslangan oliy ta'lim milliy tizimining sifatini oshishiga, Bolonya jarayoni ishtirokchi-mamlakatlari diplomlarini o‘zaro tan olish, o‘qituvchi va talabalar bilan almashuv dasturlarini amalga oshirishga ko‘maklashuvchi 1999 yil 19 iyundagi Bolonya deklaratsiyasiga qo‘shilish masalalari belgilab qo‘yilgan. Shu munosabat bilan tashkil etilgan mazkur seminarda Bolonya jarayoni haqida umumiy ma'lumot, jarayonning taraqqiyoti tarixi va uning asosiy tamoyillari, oliy ta'limni modernizatsiyalashga oid innovatsion yondashuvlar va Bolonya jarayoniga qo‘shilishning texnik omillari kabi mavzularda taqdimotlar o‘tkazildi.

Shuningdek, seminar 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi bilan tanishtirish, Bolonya jarayoni doirasida oliy ta'limni modernizatsiyalashga oid innovatsion yondashuvlar va jarayonga qo‘shilishning texnik omillarini muhokama qilish, Bolonya jarayoni tamoyillarini shakllantirish va joriy etish, shu bilan birga O‘zbekiston oliy ta'lim tizimida mobillikni tashkil etish, xalqaro standartlarni hisobga olgan holda o‘quv dasturlarini yaratishga oid loyihalar bo‘yicha taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

        Tadbir davomida yevropa ittifoqi vakillari O‘zbekistonda Harakatlar strategiyasiga hamohang ravishda oliy ta'lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdilar. Seminar yakunida bo‘lib o‘tgan muhokamalar, bildirilgan taklif va tavsiyalar asosida xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan oliy ta'lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan yangi qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etishga kelishib olindi.