]
Yaponiyaning Nagoya universiteti “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ymoqda
05.07.2017 | Ko`rilgan: 194

Shu yilning 5-iyul kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazida Nagoya universiteti prezidentining maslahatchisi, professor Ichixashi Katsuya va Koreya qonunchilik ilmiy-tadqiqot instituti Qonunchilikni rejalashtirish hududiy ofisi bosh direktori Choy Xoan Yong bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Akmal Burxanov mehmonlarni O‘zbekistonda 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi va uning beshta ustuvor yo‘nalishlari bilan tanishtirdi. Xususan, “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi doirasida nazarda tutilgan tadbirlar, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma'lumot berildi.

Bo‘lib o‘tgan ikki tomonlama uchrashuv yakunida Nagoya universiteti prezidenti maslahatchisi janob Ichixashi Katsuya bilan shu yilning oktyabr oyi so‘ngida Toshkent shahrida Harakatlar strategiyasini "Qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari"ga bag‘ishlangan hamkorlikdagi tadbir o‘tkazishga kelishib olindi. Shuningdek, Koreya qonunchilik ilmiy-tadqiqot institutining Qonunchilikni rejalashtirish hududiy ofisi bosh direktori Choy Xoan Yong ikki tashkilot o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumini imzolashga tayyorligini va ushbu hujjat doirasida qator loyihalarni amalga oshirish imkoniyati mavjudligini bildirdi.