]
Notarial idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak
07.07.2017 | Ko`rilgan: 528

2017-yilning 7-iyul kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazida “Notariat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” jamoatchilik fikri so‘rovi natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri o‘rinbosari Anvar Usmonov, vazirlik boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Inom Qudratov, Toshkent shahar adliya boshqarmasi boshlig‘i Abdurahmon Safayev hamda Toshkent viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i Laziz Musashayxovlar OAV vakillari savollariga javob qaytardi.

Matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi boshqarma boshliqlari, tegishli mutasaddi xodimlar, Toshkent shahri va viloyati notariuslari ishtirok etdi. Tadbir davomida bugungi kunda notariat instituti rivojlanishining dolzarb masalalari, uning huquqiy asoslarini mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, jismoniy va yuridik shaxslarga ko‘rsatilayotgan huquqiy xizmat tartiblari, notariat idoralarining ish sharoitlari hamda fuqarolarga yaratilayotgan qo‘shimcha qulayliklar haqida fikr yuritildi. 

Ma'lumki, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida notarial idoralar faoliyatini avtomatlashtirish, barcha notarial bitimlar hisobini markazlashgan holda yuritish va idoralararo elektron hamkorlikni hisobga olgan holda, aholi va tadbirkorlarga notariat sohasida interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan.

Ushbu chora-tadbirlarning hayotiyligini ta'minlash, sohadagi muammolarni tahlil qilish, aholi, tadbirkorlik sub'ektlari, keng jamoatchilikning notariat sohasidagi fikr-mulohazalarini o‘rganish maqsadida, shu yilning 12-17 iyun kunlari davomida “Taraqqiyot strategiyasi” markazining rasmiy veb-sayti orqali “Notariat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” mavzusida jamoatchilik fikri so‘rovi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasining barcha hududlaridan jami 1104 nafar fuqaro ishtirok etdi. 

Jamoatchilik fikri so‘rovini o‘tkazish jarayonida respondentlardan notarial idoralar tomonidan xizmat ko‘rsatish tartib-taomillari, notarial xizmatlar uchun olinadigan davlat boji miqdorlari haqida fuqarolarning qay darajada axborotga ega ekanliklari yoki noqonuniy xatti-harakatlarga guvoh bo‘lganliklari kabi holatlar haqida so‘raldi. Respondentlarning ko‘pchiligini, ya'ni 58.1%ni Toshkent shahri fuqarolari tashkil qildi (Jamoatchilik fikri so‘rovi natijalari to‘g‘risidagi axborot-tahliliy ma'lumotnoma ilova qilinadi.)

Tahlil natijalariga ko‘ra, respondentlarning 32.1%i so‘rov o‘tkazilgan vaqtga nisbatan notarial idoralar xizmatidan oxirgi bir oy ichida, 21.6%i  esa oxirgi uch oy ichida foydalanganliklarini bildirdilar. Bu esa, o‘z navbatida, fuqarolar tomonidan notarial xatti-harakatlarni amalga oshirishga muntazam ehtiyoj borligini va masalaning dolzarbligini anglatadi. 

Eslatib o‘tamiz, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Harakatlar strategiyasi va Davlat dastur doirasida amalga oshiriladigan tadbirlarning ekspertlar hamda jamoatchilik o‘rtasida keng muhokama etilishini tashkil qilish, amalga oshiriladigan tadbirlar bo‘yicha aholining fikr va takliflarini to‘plash va o‘rganish, ular yuzasidan asoslantirilgan takliflar ishlab chiqish hamda Harakatlar strategiyasining amalga oshirib borilishi to‘g‘risida aholini, tadbirkorlik sub'ektlarini, fuqarolik jamiyati institutlarini va xalqaro jamoatchilikni keng xabardor qilish kabi vazifalarni bajarishi belgilangan.