]
Harakatlar sarhisobi: 2017-yil 1-chorak yakunlari
21.03.2017 | Ko`rilgan: 566

2017-yilning 21-aprel kuni “Media Xoll”da Harakatlar strategiyasining birinchi choragi natijalariga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi. Mazkur anjuman Harakatlar strategiyasining birinchi choragi natijalari bo‘yicha keng jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘tkazilayotgan ilk tadbir hisoblanadi. 10dan ortiq vazirlik va idora vakillari o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan berilgan savollarga bevosita javob berdilar. Anjumanda savollar video-murojaat tarzida, hududlardan hamda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan ham onlayn yo‘llanib borildi.

 

Ma'lumki, 2017-yilning 1-mart kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi rasman o‘z faoliyatini boshlaganligi haqida aynan shu yerda – “Media Xoll”da e'lon qilgan edi. Ochilish marosimida Markazning asosiy vazifalaridan biri jamoatchilik va davlat idoralari o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik rolini bajaruvchi tashkilot ekanligi ta'kidlab o‘tilgan edi. Shu asnoda, Markaz bugungi kunda davlat idoralari bilan yaqin aloqalarni o‘rnatdi hamda o‘z faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yishga erishdi. Ushbu sa'y-harakatlarning natijasi sifatida, mazkur davlat idoralari va jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘tkazilayotgan ilk anjumanni qayd etish mumkin. Tadbirda joriy yilning 1-choragi davomida turli sohalarda amalga oshirilgan ishlar haqida OAV vakillari va keng jamoatchilikka axborot berildi.

Ta'kidlash joiz, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan olib borilgan tahliliy o‘rganishlar, shuningdek, aholidan kelib tushgan murojaat va takliflarni inobatga olgan holda davlat idoralari vakillari anjumanga taklif etildi. Ular qatorida Ichki ishlar vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Markaziy bank, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va yana bir qator vazirlik idoralar vakillarini ko‘rish mumkin.

Tadbirda hududiy OAV vakillariga ham uzoqdan turib ishtirok etish imkoni yaratildi. Ular o‘zlarini qiziqtirgan savollarini video-murojaat tarzida ham yo‘lladilar. Shuningdek, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan yo‘llangan savollarga batafsil javob berildi.

Tadbir “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tashabbusi bilan O‘zEOAVMA hamkorligida o‘tkazildi.