]
AQSh federal sud markazi markazi ekspertlari bilan uchrashuv
12.07.2017 | Ko`rilgan: 270

2017-yilning 12-iyul kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazida AQSh federal sud markazi ekspertlari ishtirokida “Sud-huquq sohasidagi yangi yondashuvlar: AQSh tajribasi” mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbir “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Hududiy muloqot” xalqaro nodavlat notijorat tashkilotining O‘zbekistondagi bo‘limi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Mazkur uchrashuv 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha ikki tomon o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashinuv memorandumi doirasida o‘tkazilgan ilk loyiha hisoblanadi. Ekspert sifatida AQSh federal sud markazining tadqiqotlar bo‘limi boshlig‘i Jeyms Iglin, AQSh federal sud markazining tadqiqotlar bo‘limi katta mutaxassisi Jeyson Kantone va katta yuristi Stefani Xemmertlar taklif etildi.

Tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari, vazirlik va idoralar, sud-huquq sohasidagi ta'lim muassasalari, jamoat tashkiloti vakillari, yoshlar va OAV ishtirok etdilar.

AQSh federal sud markazi vakillari uchrashuv davomida Markaz tomonidan olib borilgan tadqiqotlar hamda ularning natijalarini amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha erishilgan yutuqlar, Tadqiqotlar bo‘limining Qo‘shma shtatlar sud tizimidagi roli va sudlarning mustaqil va daxlsizligini mustahkamlanishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha ma'lumot berdilar.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi Harakatlar strategiyasining “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi doirasida nazarda tutilgan tadbirlar bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajriba, xalqaro standartlar, shuningdek xalqaro tashkilotlar va ekspertlarning baholari, fikr-mulohazalarini o‘rganish maqsadida bugungi kunda xalqaro tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot, axborot-tahliliy hamda ta'lim muassasalari bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda.