]
Navbatdagi Harakatlar strategiyasi xonasi ish boshladi
13.07.2017 | Ko`rilgan: 527

2017-yilning 13-iyul kuni  Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy Universitetida navbatdagi Harakatlar strategiyasi xonasi o‘z faoliyatini boshladi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbir doirasida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va O‘zbekiston Milliy Universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qonunchilik palatasi deputatlari va iqtidorli talabalar ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Oliy ta'lim muassasalarida ish boshlayotgan mazkur xonalar yosh tadqiqotchi va o‘qituvchilarni birlashtirish, yoshlarni ijtimoiy faolligini oshirish hamda ularni 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasiga yanada kengroq jalb qilishga xizmat qiladi. Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi vakillari hamda Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputatlari ishtirok etdi.

Shuningdek, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va O‘zbekiston Milliy Universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Unda Markaz ijrochi direktori Akmal Burxanov va Universitet rektori Avazjon Maraximovlar ishtirok etdilar. Shundan so‘ng “Harakatlar strategiyasini amalga oshirishda yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 6-iyun kuni Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti hamda Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetida ilk Harakatlar strategiyasi xonalari ochilgan edi.