]
Shveytsariya Konfederatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasi bilan uchrashuv
13.07.2017 | Ko`rilgan: 173

2017-yilning 13-iyulida “Taraqqiyot strategiyasi” markazida Shveytsariya TIV siyosiy masalalar departamentining Yevropa, Markaziy Osiyo, Yevropa Ittifoqi va YXHT bo`limlari boshlig`i, Shveytsariya Konfederatsiyasining O`zbekistondagi sobiq favqulodda va muxtor echisi janob Nikol Bryul bilan uchrashuv bo`lib o`tdi. Uchrashuvda shuningdek Shveytsariyaning O`zbekistondagi elchixonasi muvaqqat elchisi janob Tierri Umber, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo`yicha hududiy koordinator o`rinbosari janob Lukas Probst Lopez, Shveytsariyaning O`zbekistondagi elchixonasining moliya, xodimlar va ma`muriy ishlar bo`yicha menejeri Muzaffar Madaminov ham ishtirok etdi.

Uchrashuvdan ko`zlangan asosiy maqsad mehmonlarni “Taraqqiyot strategiyasi” markazining faoliyati bilan tanishtirish va 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi doirasida ikki tomonlama hamkorlikning istiqbollarini muhokama qilish bo`ldi.

Suhbat jarayonida janob Nikol Bryul Harakatlar strategiyasi doirasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish hamda ta`lim tizimida olib bolrilayotgan islohotlar borasidagi hukumatning rejalashtirgan chora-tadbirlariga o`z qiziqishini bildirdi.