]
Jizzax politexnika institutida Harakatlar strategiyasi xonasi o‘z faoliyatini boshladi
05.08.2017 | Ko`rilgan: 487

2017-yilning 4-avgust kuni Jizzax politexnika institutida Harakatlar strategiyasi xonasi o‘z faoliyatini boshladi. Rasmiy ochilish marosimida Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Uzoqov, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Akmal Burxanov, Institut rektori Alisher  Usmankulovlar hamda iqtidorli talabalar ishtirok etdilar.

Tadbirda institut talabalari Harakatlar strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari va “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturida nazarda tutilgan islohotlar taqdimoti, mazkur xonaning maqsad va vazifalari, unda o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlar haqida ma'lumot berdilar.

Yurtimizning barcha oliy ta'lim muassasalarida ochilishi rejalashtirilgan ushbu xonalarda yoshlar Harakatlar strategiyasi doirasida o‘tkaziladigan tadbirlarning axborot ta'minotini amalga oshirish, ta'lim,  madaniy-ma'rifiy, ko‘ngilochar, san'at, xayriya, rasmiy va boshqa turdagi ijtimoiy ahamiyatga ega tadbirlarni o‘tkazish, shuningdek, ijtimoiy so‘rovlar tashkil etish va dolzarb mavzular yuzasidan asoslangan takliflar ishlab chiqishlari ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, ushbu xonalar Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan tadbirlarning bajarilishi yuzasidan jamoatchilik monitoringini amalga oshirishga ko‘maklashuvchi ko‘ngillilar va boshqa ishchi guruhlarni tashkil etish va shakllantirishga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, bugungi kunga qadar Harakatlar strategiyasi xonalari Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkentdagi Xalqaro Vestminister univetsiteti, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti va Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida o‘z faoliyatini olib bormoqda. Jumladan, Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti Harakatlar strategiyasi xonasi volonterlari tomonidan joylarda jamoatchilik nazorati tadbirlari o‘tkazilmoqda. Ular hududlarda Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazmoqdalar.