]
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi o‘rtasida memorandum imzolandi
09.08.2017 | Ko`rilgan: 568

2017-yil 9-avgust kuni O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining  siyosiy kengashining sakkizinchi  plenumi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir doirasida O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Siyosiy partiya Kengashi raisi Narimon Umarov va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Akmal Burxanov ushbu memorandumga imzo chekdilar.

O‘zaro hamkorlik memorandumi 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlanishining beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, olib borilayotgan islohotlar samarasini yanada yuksaltirish, davlat va jamiyatning har tomonlama va jadal rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, mamlakatimizni modernizatsiya qilish, huquqiy-demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurish yo‘lida olib borilayotgan islohotlar va vazifalarning real hayotdagi ijrosini ta'minlashga qaratilgan amaliy tadbirlar o‘tkazish, ushbu masalalarda siyosiy partiya, davlat va nodavlat tashkilotlari o‘rtasida ijtimoiy hamkorlikni mustahkamlash va samaradorligini yuksaltirish maqsadida tuzildi.

Bitimda belgilab qo‘yilganidek, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi va Markaz Harakatlar strategiyasini amalga oshirish, shuningdek Davlat dasturida nazarda tutilgan qonun, qonunosti va boshqa xujjatlar loyihalarini tayyorlash yuzasidan takliflar beradilar va sud-huquq, sog‘liqni saqlash va ta'lim tizimini islox qilish, ushbu sohalarni yanada rivojlantirishda xorijiy tajribalarni o‘rganish ishlarini tashkil qiladilar.

Shuningdek, imzolangan memorandum doirasida O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi a'zolari “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan hamkorlikda joylarda muammolarni aniqlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, so‘rovnomalar olib borish kabi vazifalar bilan shug‘ullanadilar.