]
Oliy ta'lim muassasalarida Harakatlar strategiyasi xonasining ochilish marosimi
18.08.2017 | Ko`rilgan: 436

2017 yilning 18 avgust kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti hamda Toshkent Moliya institutida Harakatlar strategiyasi xonalari o'z faoliyatini boshladi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbir doirasida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi vakillari, oliy ta'lim muassasasi rahbariyati, professor o'qituvchilar va iqtidorli talabalar ishtirokida rasmiy ochilish marosimi va davra suhbati bo'lib o'tdi.

Oliy ta'lim muassasalarida ish boshlayotgan mazkur Harakatlar strategiyasi xonasi 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni aholi, ayniqsa yoshlar orasida keng targ'ib qilish, pedagog va ilmiy xodimlarning taklif va fikrlarini o'rganish, yosh tadqiqotchilarni keng jalb qilish orqali statistik va boshqa ma'lumotlarni yig'ish hamda tahlil qilish, talabalarni ijtimoiy faolligini yanada oshirish maqsadlarida tashkil etilmoqda.

Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 15 avgustdagi “2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini kelgusida amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida” F-5024-sonli farmoyishida belgilangan vazifalarni, jumladan, statistik va boshqa ma'lumotlarni yig'ish, qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni va barcha darajadagi davlat organlari faoliyatining natijalarini o'rganish, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, ilmiy doira vakillari va xorijiy mutaxassislarni keng jalb etgan holda uchrashuvlar, davra suhbatlari, so'rovlar, ekspert va jamoatchilik muhokamalarini sifatli va samarali bajarish maqsadida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi yurtimizning barcha OTM bilan yaqin hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'ymoqda. Bugungi kunga qadar Harakatlar strategiyasi xonalari Toshkent shahri, Jizzax, Andijon va Farg'ona viloyatlaridagi OTM faoliyat yuritmoqda.