]
O’zbekiston Respublikasida ma’muriy islohotlar Konsepsiyasi loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo'yildi
23.08.2017 | Ko`rilgan: 587

Bugun O’zbekiston Respublikasida ma’muriy islohotlar Konsepsiyasi loyihasi O'zbekiston Respublikasi normativ huquqiy hujjatlarning muhokamasi portaliga joylashtirildi. Hujjat loyihasi O'zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan ishlab chiqilgan bo'lib, unda davlat boshqaruv apparati va organlarining faoliyati samaradorligini oshirish, davlat boshqaruvini nomarkazlashtirish, bir-birini takrorlovchi funksiyalarni bajaradigan davlat organlari, turli komissiyalarni bekor qilish yoki bir-biriga qo’shish orqali davlat boshqaruvi va xizmatini tubdan isloh qilish masalalari belgilangan.

O’zbekiston Respublikasida ma’muriy islohotlar Konsepsiyasi loyihasi 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili"da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 10-bandida 2017 yilning III choragiga qadar ishlab chiqilishi rejalashtirilgan edi.

Shu munosabat bilan, "Xalq davlatga emas, davlat xalqqa xizmat qilishi kerak" tamoyili asosida ishlab chiqilgan hujjat loyihasida davlat boshqaruvining fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta'minlovchi, xalqaro maydonda mamlakat raqobatbardoshligini oshiruvchi samarali va shaffof tizimni joriy etish ko'zda tutilgan.

Ma'muriy islohotlar eng avvalo davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish, davlat hukumat va boshqaruv organlarini tubdan qayta tashkil etish, ular faoliyatini islohotlar hamda liberallik, xalqparvarlik va javobgarlilik talablariga muvofiqligini ta'minlashi zarur.

Aytib o'tish joiz, Ma’muriy islohotlar Konsepsiyasi loyihasi "Taraqqiyot strategiyasi" markazining ekspertlar hamjamiyati muhokamasidan o'tgan hamda bir qator xorijiy tajribalarni o'rgangan holda ishlab chiqilgan.

Konsepsiya muhokamasi shu yilning 29 avgustiga qadar davom etadi hamda 2017 yilning 15 sentyabr sanasida kuchga kirishi rejalashtirilgan.

Siz ham ushbu muhokamada faol ishtirok etib, o’z fikr va mulohazalaringizni bildirishingiz mumkin!

Batafsil: https://regulation.gov.uz/uz/documents/1596