]
USAID: “Ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga tayyormiz”
24.08.2017 | Ko`rilgan: 203

Shu yilning 24-avgust kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazida AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID)ning Markaziy Osiyo mintaqasi bo’yicha missiyasi rahbari Jatinder K. Cheema honim bilan uchrashuv bo’lib o’tdi.

Uchrashuv avvalida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Akmal Burxanov mehmonlarga O‘zbekistonda 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi haqida axborot berdi. Shu bilan birga, Markaz faoliyati, vazifalari, 2017-yil “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” da ishlab chiqilgan Davlat dasturi bilan tanishtirdi. 

O’z navbatida, USAID vakili Jatinder K. Cheema honim O’zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, sohalarda yuz berayotgan ijobiy o’zgarishlarga yuksak baho berdi. Shuningdek, agentlik tomonidan bugungi kunda bir qator xorijiy tashkilotlarning O’zbekistondagi vakolatxonasi bilan faol hamkorlik qilayotganini aytib o’tdi. Xususan, UNDPning O’zbekistondagi vakolatxonasi amalga oshirayotgan turli xil loyihalarni USAID faol tarzda qo’llab-quvvatlab kelayotganligini ta’kidlab o’tdi. Shuningdek, oktabr oyida Markaziy Osiyo bo’yicha missiyaning yangi rahbari tayinlanishi va kelgusida ham Markaz bilan hamkorlik yo’nalishlari yanada kengayishiga umid bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar Harakatlar strategiyasi bo’yicha hamkorlik qilinishi, jumladan, unda belgilangan “Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish” ustuvor yo’nalishi bo’yicha kelajakda qo’shma tadbirlar o’tkazish, USAID va Markaz bilan birgalikda texnik ishchi guruhlar tashkil etishga kelishib oldilar.