]
“Human Rights Watch” vakillari ishtirokidagi fuqarolik forumi
05.09.2017 | Ko`rilgan: 373
2017 yilning 5 sentyabr kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazida “Nodavlat tashkilotlar va Taraqqiyot strategiyasi” mavzusida Fuqarolik forumi bo'lib o'tdi. Tadbir «Human Rights Watch» xalqaro nodavlat tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha bo'linmasi direktori X.Uilyamson va tashkilotning Markaziy Osiyo bo'yicha ofisi direktori S.Sverdlovlarning mamlakatimizga rasmiy tashrifi doirasida tashkil etildi. Unda yurtimizda faoliyat olib borayotgan 50 ga yaqin nodavlat notijorat tashkilotlar, tegishli assotsiatsiya va institutlar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda OAV vakillari ishtirok etdilar.
Fuqarolik forumi inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida belgilab qo'yilgan boshqa oliy qadriyatlarni himoya qilishda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan fikr almashish, yangi takliflar ishlab chiqish hamda o'zaro yaqin hamkorlik aloqalarini o'rnatish maqsadida tashkil etildi. Tadbir davomida Jurnalistlarni qayta tayyorlash xalqaro markazi, “Tadbirkor ayol” O'zbekiston ishbilarmon ayollar uyushmasi, “Istiqbolli avlod” ijtimoiy axborot markazi, «Ekomaktab» Toshkent ekologik-resurs markazi, Demokratiya va inson huquqlari instituti, Fuqarolik tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash markazi va «Millenium» NNT vakillari o'z dokladlari bilan ishtirok etdilar.
Bo'lib o'tgan chiqishlar va muhokamalarda ishtirokchilar tomonidan ijtimoiy ahamiyatga ega muammolarni echishda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarini o'rnini yanada oshirish, NNT faoliyatini yoritishda OAV o'rni, odam savdosiga qarshi kurashishda NNTning o'rni kabi qator masalalar ko'tarildi. Xususan, bo'lib o'tgan muhokamalar natijasida NNT va davlat boshqaruvi idoralari vakillari ishtirokida yillik forum o'tkazish taklifi bildirildi. Shuningdek, forumda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturida nazarda tutilgan chora-tadbirlar ijrosida NNTning ishtiroki, inson huquq hamda manfaatlarini himoya qilish yo'lida korruptsiyaga qarshi kurashish, BMTning nogironlar huquqlarini himoya qilish Konventsiyasini ratifikatsiya qilish bo'yicha jamoat tashkilotlari tashabbusi kabi qator masalalarga e'tibor qaratildi.
Qayd etish joiz, 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi doirasida inson huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining muhim masalalarini muhokama qilishga fuqarolik jamiyati institutlarini keng jalb etish kabi qator vazifalar belgilangan. Xususan, qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish ustuvor yo'nalish sifatida belgilangan.
Ma'lumot uchun: «Human Rights Watch» tashkiloti 1978 yilda tashkil etilgan bo'lib, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasida monitoring olib borish, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa umume'tirof etilgan hujjatlarda bayon qilingan inson huquqlariga doir xalqaro normalarga rioya etilishi to'g'risida hisobotlarni e'lon qilish bilan shug'ullanadi.