]
Davlat boshqaruvi akademiyasi tinglovchilari ishtirokida 2018-yil Davlat dasturi loyihasi uchun takliflar muhokama qilindi
18.09.2017 | Ko`rilgan: 762

2017 yilning 18 sentyabr kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi tinglovchilari ishtirokida “davra suhbati” bo'lib o'tdi. Unda Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi muhokama qilindi. Shuningdek, tadbir doirasida bugungi kunda Markaz tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar taqdimoti ham bo'lib o'tdi.

Tadbirning amaliy qismida tinglovchilar to'rt guruhga bo'lingan holda, 2018 yil Davlat dasturi loyihasiga kiritish uchun takliflar ishlab chiqdilar. Shundan so'ng, har bir guruh o'z takliflari taqdimotini o'tkazib, yutuq va kamchiliklar birgalikda muhokama qilindi.

Ta'kidlash joiz, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 15 avgustdagi “2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini kelgusida amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoyishi asosan 2018 yilda amalga oshirish bo'yicha ishlab chiqiladigan Davlat dasturi loyihasiga kiritiladigan takliflar faqat keng jamoatchilik bilan dastlabki muhokama qilingandan keyin ko'rib chiqilishi belgilab qo'yilgan.