]
2018-yil Davlat dasturi loyigasiga vazirlik va idoralar qanday takliflar tayyorlamoqda?
23.09.2017 | Ko`rilgan: 664

2017-yilning 23-sentyabr kuni «Media Hall NAESMI» maydonida “Harakatlar strategiyasi: sarhisob va istiqboldagi qadamlar” mavzusida tok-shou bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi, O'zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi vakillari spiker sifatida ishtirok etdilar. Tadbir “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va O'zEOAVMA tomonidan tashkil etildi.

“Harakatlar strategiyasi: sarhisob va istiqboldagi qadamlar” tok-shou 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini 2017-yilda amalga oshirishga oid Davlat dasturi doirasida erishilgan natijalarni chuqur o'rganish va puxta tahlil qilish hamda 2018-yil Davlat dasturi loyihasiga aholidan takliflar va loyihalar qabul qilish maqsadida tashkil etilmoqda.

Mazkur ustuvor yo'nalish “Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyili asosida ishlab chiqilgan bo'lib, rivojlangan huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati qurilishini nazarda tutadi. Bunda, eng avvalo, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakat rivojlanishida Oliy Majlisi va siyosiy partiyalar rolini oshirish, davlat boshqaruv tizimini isloh qilish, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda samarali mexanizmlardan foydalanish va jamiyat hayotida ro'y berayotgan o'zgarishlarga fuqarolarni keng jalb qilish kabi vazifalar amalga oshirilishi belgilangan.

Tadbir davomida fuqarolik jamiyati institutlari, vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari, siyosiy partiya vakillari Harakatlar strategiyasining Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish ustuvor yo'nalishi doirasida amalga oshirilgan islohotlar natijalari muhokama qilindi. Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan 2018-yil davlat dasturi loyihasi uchun takliflar muhokama qilindi.

Aytib o'tish joiz, avgust va sentyabr oylari davomida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi keng jamoatchilik ishtirokida oliy ta'lim muassasalari, korxona va tashkilotlar, mahalla fuqarolar yig'inlarida uchrashuvlar va so'rovlar o'tkazmoqda, shuningek, nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari, xorijiy ekspertlarning 2018-yil Davlat dasturi loyihasiga takliflarini umumlashtirmoqda.