]
6TA YAKUN: DAVLAT VA JAMIYAT QURILISH TIZIMINI TAKOMILLASHTIRISH HAQIDA NIMALARNI BILAMIZ?
25.09.2017 | Ko`rilgan: 793

2017-yil 7-fevral – O'zbekiston Respublikasi milliy davlatchiligi tarixidagi yangi sahifa ochilgan kun. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning tashabbusi bilan 2017-2021-yillarda mamlakatimizni rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi qabul qilindi.

Shu yilning 23-sentabr, shanba kuni “Media Xoll NAESMI” maydonida birinchi ustuvor yo'nalish – Davlat va jamiyat qurilish tizimini takomillashtirish bo'yicha amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Biz ularning asosiy oltitasini alohida ajratdik:

  1. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, 17 ta vazirlik, qo'mita va boshqa tashkilotlarning faoliyatlari, vazifalari va tarkibi qayta ko'rib chiqildi; davlat va xo'jalik idoralarining 20tasi o'zgartirildi, 5tasi tugatildi hamda yangi 21tasi yangidan tuzildi. Mazkur tashkilotlarning faoliyatini yanada tartibga solish va nazoratini kuchaytirish maqsadida 2017-yil sentabr oyida O'zbekiston Respublikasi Ma'muriy islohotlar kontseptsiyasi qabul qilindi.
  2. Deputatlar va Senat a'zolarining joylardagi haqiqiy vaziyatni o'rganish va muammolarni hal qilish maqsadida har oy xizmat safariga chiqish amaliyoti yo'lga qo'yildi. Yanvar-iyul oylari davomida mamlakatimizning 60ta tumanlariga safarlar uyushtirildi, 218 mingdan ziyod fuqarolar bilan uchrashildi, muammolarini hal qilishda ko'maklashildi va tizimni yaxshilash borasida takliflar qabul qilindi.
  3. Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlashning yangi tizimi – O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining joylardagi Xalq qabulxonalari hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi yo'lga qo'yildi. Bugungi kunga qadar virtual qabulxonaga aholidan 1,2 milliondan ziyod murojaatlar kelib tushgan.
  4. Ruxsatnoma va litsenziyalarni olish tartibini soddalashtirish uchun licence.gov.uz, davlat xizmatlarini “Bir darcha” tamoyili asosida yo'lga qo'yish uchun www.birdarcha.uz veb-sayti ishga tushirildi. Mazkur soddalashtirish ishlari natijasida tadbirkorlik sub'ektini ro'yxatdan o'tkazish harakatlari to'rt baravar, ro'yxatdan o'tkazish vaqti esa 30 daqiqagacha qisqartirildi.
  5. Parlament nazoratining yangi shakli yo'lga qo'yildi – ichki ishlar vaziri har olti oyda Oliy Majlis Senati oldida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida olib borilayotgan ishlar bo'yicha hisobot topshiradigan bo'ldi.
  6. Axborot texnologiyalari yo'nalishidagi faoliyatni takomillashtirish maqsadida www.my2gov.uz portalining davlat elektron xizmatlarini onlayn to'lash, kerakli hujjatlarni muassasaga bormay turib qo'lga kiritish imkonlari yaratilgan yangi shakli ishga tushdi. Tarmoqda turib soliq va kommunal xizmatlaridan qarzdorlik, yo'l qoidalarini buzganlik uchun jarimalar, shaxsiy nafaqa va sug'urta ustamalari haqida ma'lumot olish mumkin bo'ldi.