]
O'ZBEKISTON ISTE'MOLCHILAR HUQUQLARINI HIMOYA QILISH JAMIYATLARI FEDERATSIYASI BILAN MEMORANDUM IMZOLANDI
26.09.2017 | Ko`rilgan: 685

2017 yilning 26-sentabr kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazida O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining viloyat bo'limlari rahbarlari ishtirokida “Davra suhbati” bo'lib o'tdi. Unda Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi hamda 2018-yil uchun takliflar muhokama qilindi. Shuningdek, tadbir so'nggida tomonlar o'rtasida hamjihatlik memorandumi imzolandi.

2017-2021-yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi tomonidan qo'yilgan vazifalar doirasida Federatsiya tomonidan jamoat nazoratini kuchaytirishga qaratilgan bir qancha tadbirlar o'tkazilmoqda. Jamiyat bilan mustahkam aloqa o'rnatish vositalarini ishlab chiqish, jamoat nazoratining yangi metodlarini yaratish shular jumlasidandir. Federatsiyaning turli darajasidagi birlashmalari tomonidan “Iste'molchi bilan muloqot” huquqiy maslahat berish ishlari tashkillashtirildi. Huquqiy maslahat so'rab aholi tomonidan 2835ta murojaat tushgan. Murojaatlarga javoban 2175 fuqaroga qonunchilik tartibi tushuntirilgan, 316 material davlat va ma'muriyat organlariga yuborilgan, 59 kishiga esa sud organlariga yuzlanish maslahat berilgan.

Umuman hisobot davri mobaynida Federatsiya va uning viloyat bo'limlariga 5725 murojaatnomalar tushgan bo'lsa, ulardan 5258 (91,8%) ijobiy hal qilinib, iste'molchilar hisobiga 2,036,295,500 so'm o'tkazib berilgan.

Ma'lumki, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan Harakatlar strategiyasini amalga oshirish natijalari haqida aholi va jamoatchilikni keng xabardor qilish, shuningdek, 2017-yilda mamlakatni rivojlantirish yakunlarini sarhisob qilish va 2018-yilda navbatdagi islohotlarni rejalashtirish bo'yicha chora-tadbirlarni tashkil etish maqsadida fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, ilmiy doira vakillari va xorijiy mutaxassislarni keng jalb etgan holda uchrashuvlar, “davra suhbatlar”, so'rovlar, ekspert va jamoatchilik muhokamalari o'tkazib kelinmoqda.