]
AQSHNING YETAKCHI UNIVERSITETLARIDAN BIRI O'ZBEKISTONLIK HAMKASBLARI BILAN TAJRIBA ALMASHDI
27.09.2017 | Ko`rilgan: 499

Sud-huquq tizimining rivojlanganligi demokratik davlat fuqarolarning haq-huquqlari va erkinliklari himoyasini kafolatlashda muhim rol o'ynaydi. Shu bois, ushbu soha O'zbekiston Respublikasi Harakatlar strategiyasining asosiy yo'nalishlaridan biriga aylandi. 2017-yil 27-sentabr kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazida Boston kollejining Huquq maktabi professorlari ishtirokida sessiya bo'lib o'tdi. Tadbir “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Mintaqaviy dialog” Xalqaro nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etildi.

O'zbekiston jamoat va ta'lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan vakillar bilan tajriba almashish maqsadida ekspertlar - Kristin MakEvoy (Boston kolleji huquq maktabi professori), Kevin Kyortin (Boston kolleji huquq maktabi professori), Sharon Reyx Polsen (Vermont universiteti prezidentining bosh maslahatchisi va kadrlar boshlig'i) va Vinsent Rugo (Boston kolleji huquq maktabi dekani)lar AQSh va dunyodagi huquqiy maorif, undagi zamonaviy tendentsiyalar haqida so'z yuritishdi. Shuningdek, “Mintaqaviy dialog” Xalqaro nodavlat tashkiloti direktori Myusha Sever ham nutq so'zladi.

“Taraqqiyot strategiyasi” Markazi ijrochi direktori A.Burxanov O'zbekistonda Harakatlar strategiyasi doirasida qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish yo'nalishi bo'yicha amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar bilan tanishtirdi. Jumladan, Harakatlar strategiyasi doirasida 2017 yilning o'zida bir qancha islohotlar o'tkazilganligi, sud hokimiyati mustaqilligini ta'minlash, sud, adliya organlari va idoralarining moddiy-texnik va moliyaviy ta'minotini kuchaytirish, ularning faoliyati uchun kerakli shart-sharoitlar yaratish maqsadida 2017-yil 23-avgustda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti “Sudlar va adliya organlari faoliyatini moddiy-texnik va moliyaviy ta'minlash tartibini takomillashtirish to'g'risida” Qarorini imzolanganligi uchrashuvda ta'kidlandi.

Tadbir davomida adliya tizimini takomillashtirish bo'yicha taqdim etilgan tajribani 2018-yil davlat dasturi loyihasiga kiritish masalasi muhokama qilindi. Kelgusida ham Boston kolleji va Vermont Universitetlari professorlari ishtirokida Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshiriladigan tadbirlar uchun ekspertlik fikrlarini bildirish bo'yicha hamkorlik qilishga kelishib olindi.

O'zbekistonga tashrif doirasida kollej vakillari Toshkent davlat yuridik universitetida uch kunlik seminar o'tkazishdi, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi o'rinbosari, O'zbekiston Respublikasi Adliya vaziri, O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o'rinbosari bilan uchrashuvlarda ishtirok etdilar.