]
“TARAQQIYOT STRATEGIYASI” MARKAZI JANUBIY KOREYANING YETAKCHI TADQIQOT MARKAZLARI VA INSTITUTLARI BILAN HAMKORLIK QILISH BO`YICHA MEMORANDUM IMZOLADI
29.09.2017 | Ko`rilgan: 118

26-29 sentyabr kunlari “Taraqqiyot strategiyasi” Markazi vakili O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi taqdimotiga bag`ishlangan uchrashuvlarda qatnashish uchun O`zbekiston Respublikasi delegatsiyasi tarkibida Koreya Respublikasiga safar uyushtirdi.

Safar davomida “Osiyodagi iqtisodiy taraqqiyot va xavfsizlik masalalari: O`zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o`rtasidagi hamkorlik istiqboli” va “2017-yil Harakatlar strategiyasini amalga oshirish yuzasidan O`zbekiston Respublikasi tashqi va ichki siyosatining muhim yo`nalishlari”  mavzularida davra suhbatlari o`tkazildi. Mutaxassislar O`zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining muhim yo`nalishlari, investitsion muhitni yaxshilash, mintaqaviy siyosat, Uzoq Sharqdagi xavfsizlik muammolari, ikki davlat o`rtasidagi diplomatik hamkorlikning strategik yo`nalishlari, davlat ishchilari salohiyatini ko`tarish bo`yicha Janubiy Koreya tajribasi va uni mamlakatimizga tatbiq qilish kabi masalalarni muhokama qilindi.

Shuningdek, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan uchrashuvlar mobaynida Cheju tinchlik Instituti, Hanyang universiteti qoshidagi Osiyo-Tinch Okeani tadqiqot markazi hamda Kukmin universitetlari bilan hamkorlik memorandumi imzolandi.

 Cheju Tinchlik Instituti Janubiy Koreyaning tahlil markazi bo`lib, 2006-yil Koreya yarimorolidagi tinchlikni o`rganish va ilgari surish, Uzoq Sharqdagi mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga ko`maklashish maqsadida tuzilgan ilmiy-tadqiqot maskanidir.

Hanyang universiteti 1939 -il tashkil topgan bo’lib, eng nufuzli o`quv yurtlaridan biri hisoblanadi va muntazam yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlaydi. Universitetning 23 ta kolleji va magistratura yo’nalishlari faoliyat ko’rsatadi. Ularda 35 ming atrofida talabalar tahsil olishadi.

Kukmin universiteti 1946-yil tashkil topgan bo`lib, Janubiy Koreyaning eng yirik xususiy oliy o`quv yurtlaridan biridir. Hozirgi kunda bu yerda 650dan ko`p professor va lektorlar faoliyat yuritadi, 20 mingdan ziyod talaba turli yo`nalishlardagi 30 ta fakultetda o`qiydi.