]
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PARLAMENT MODELINING QATNASHCHILARI ANIQLANDI
12.10.2017 | Ko`rilgan: 830

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik Palatasi bilan hamkorlikda o‘tkazayotgan “Parlament Modeli” simulyatsi ishtirokchilarining to‘liq ro‘yxati ma’lum bo‘ldi. Saralash natijasiga ko‘ra, endilikda mamlakatimizning barcha hududlaridan 200 kishidan iborat yosh deputatlar noyabr oyining so‘nggi haftasida bo‘lib o‘tadigan anjumanda qatnashadilar.

Saralash bosqichida O‘zbekistonning barcha hududlaridan kelib tushgan 1000dan ortiq arizalardan loyihada qatnashish uchun 200 nafar nomzod tanlab olindi. Qantashchilar yosh deputatlar (150 kishi), sekretariat (15 kishi), kuzatuvchi (20 kishi) va yosh jurnalist (15 kishi) kabi yo‘nalishlarda Parlament Modelida ishtirok etishadi. Ta’kidlash joizki, saralash jarayonlarida respublikamizning barcha oliq o‘quv yurtlari, kollej va litseylari qamrab olindi.

3 kunga mo‘ljallangan dastur davomida ishtirokchilar uchun Oliy Majlis binosida alohida anjuman tashkillashtirilib, unda yosh deputatlar haqiqiy qonun loyihalarini muhokama qilishadi. Muhokamadan so‘ng qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik Palatasi deputatlari tomonidan ko‘rib chiqiladi. Bundan tashqari, tadbir doirasida siyosiy partiyalar hamda O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlari bilan uchrashuvlar, bahs-munozaralar va o‘quv seminarlari bo‘ladi. “Parlament Modeli” tadbirlarining barchasi Toshkentda o‘tkaziladi.

“Parlament Modeli” – bu Oliy Majlis Qonunchilik Palatasining simulyatsiya majlisi bo‘lib, bu yerda ishtirokchilar fraksiyalarga bo‘lingan holda qonun loyihalarini o‘rganishadi va muhokama qilishadi. Tadbir mobaynida qatnashuvchilar o‘z fraksiyasi maqsadi, tamoyili va manfaatlaridan kelib chiqib, o‘z pozitsiyasini ilgari suradi.

O‘zbekiston Respublikasi Parlamenti Modelini o‘tkazishdan asosiy maqsad – yoshlarning siyosiy tafakkuri va bahs madaniyatini oshirish, Oliy Majlis Qonunchilik Palatasida o‘tkaziladigan muhokamalar va qonun qabul qilish jarayonlarida hamda partiyalar o‘rtasidagi munozara va tortishuvlarda yoshlarning bevosita ishtirokini ta’minlash, ularning takliflarini o‘rganish va deputatlar bilan muloqot o‘rnatishdan iborat.