]
XALQARO VALYUTA FONDI O'ZBEKISTONNING 2022-YILGACHA IQTISODIY O'SISH KO'RSATGICHLARI PROGNOZINI E'LON QILDI
12.10.2017 | Ko`rilgan: 643

Kuni kecha Xalqaro valyuta fondi “Jahon iqtisodiyoti rivojlanish istiqbollari” (World Economic Outlook) nomli doklad e'lon qildi. Unga ko'ra O'zbekistonda yalpi ichki mahsulot sur'atlarining yillik o'sish darajasi keyingi 5-yilda yuqori bo'lishi va 2022-yilga kelib bu ko'rsatgich bo'yicha dunyodagi etakchi davlatga aylanishi prognoz qilinmoqda.

Doklad ustida ish olib borgan mutaxassislarning fikriga ko'ra, O'zbekistonda yalpi ichki mahsulot sur'atlarining yillik o'sish darajasi 2017-2018-yildagi davr uchun 6 foiz bo'lishi va bu ko'rsatigich yil sayin o'sib borishi ko'rsatib o'tilgan.

Bu esa, o'z navbatida 2017-2021-yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi doirasida iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish yo'nalishida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarning natijasidir.

Shu o'rinda joriy yilning 4-9-iyul kunlari tegishli vazirlik va idoralar rahbarlaridan iborat yurtimiz delegatsiyasi Xalqaro valyuta jamg'armasining Vashingtondagi qarorgohiga tashrif buyurganligini eslab o'tish joiz.

Tashrif yakunida Xalqaro valyuta jamg'armasi direktori Kristin Lagard O'zbekiston va XVJ o'rtasidagi muzokaralar yakunini yuqori baholab, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev nomiga maktub yo'llagan edi. Unda XVJ O'zbekistonda valyutani liberallashtirish bo'yicha ko'rilayotgan chora-tadbirlarga texnik ko'mak hamda iqtisodiy siyosat masalalari bo'yicha tavsiyalar taqdim etish yo'li orqali qo'llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan edi.

Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 18-20 sentyabr kunlari Amerika Qo'shma Shtatlariga tashrifi doirasida Kristin Lagard bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Uchrashuvdan so'ng XVJ direktori quyidagicha bayonot berdi:

"Men O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev bilan uchrashganimdan g'oyat mamnunman. O'zbekiston rahbariyati keng ko'lamli islohotlarni amalga oshirmoqda. Bu, avvalo, yaqinda amalga oshirilgan valyutani tartibga solish tizimidagi o'zgarishlarga tegishlidir. Biz iqtisodiyotni mustahkamlash, yanada ko'p ish o'rinlari yaratish, barqaror va kompleks taraqqiyotga erishishda muhim ahamiyat kasb etadigan ushbu tashabbuslarni qo'llab-quvvatlaymiz.

Men Prezident Shavkat Mirziyoevni qo'shni mamlakatlar bilan mintaqaviy hamkorlikni yaxshilashga doir tashabbuslari bilan qutlayman. Mintaqaviy hamkorlik suv resurslaridan birgalikda foydalanish, samarali mintaqaviy energetika tizimini yaratish va transportni rivojlantirish kabi yirik muammolarni hal qilishda juda muhim o'rin tutadi.

O'zbekistondagi islohotlar jarayoni uzoq davom etadi va bu oson kechmaydi. Men iqtisodiy o'sishning yanada yuqori sur'atlariga erishish va aholi turmush farovonligini oshirish yo'lida Xalqaro valyuta jamg'armasi O'zbekiston bilan qat'iy hamkorlikka tayyor ekanini tasdiqlayman".