]
O‘ZBEKISTON AQSHDA O‘ZINING OCHIQ MULOQOTGA TAYYORLIGINI NAMOYISH ETDI
18.10.2017 | Ko`rilgan: 309

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu yilning sentabr oyi oxirida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida qatnashish uchun Amerika Qo‘shma Shtatlariga tashrif buyurdi. Mamlakatimiz rahbarining tashrifi natijalari xorijiy ommaviy axborot vositalari va xalqaro hamjamiyatning diqqat markazida bo‘ldi. Xususan, Xalqaro valyuta fondi (XVF) direktori Kristin Lagard 2017-2021 yillarda O‘zbеkiston Rеspublikasini rivojlantirishning bеshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar stratеgiyasi doirasida olib borilayotgan islohotlarning katta samara berayotganiga urg‘u berib, prezident Sh.Mirziyoyev O‘zbekiston o‘zining bloklarga qo‘shilmaslik siyosatini saqlagan holda, ochiq muloqotga tayyor ekanligini yuqori baholadi.

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mitasi, Qonunchilik palatasi, Tashqi ishlar vazirligi va Tashqi investitsiyalar bo‘yicha qo‘mita a’zolarining Vashington (AQSH)ga qilgan uch kunlik ishchi tashrifi prezidentimiz so‘zlarining amaldagi isboti bo‘ldi. 15-18-oktyabrda bo‘lib o‘tgan mazkur tashrif chog‘ida delegatlar AQSHning siyosiy doiradagi vakillari bilan o‘ndan ziyod uchrashuvlar o‘tkazib, ularda mamlakatimizda Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar muhokama qildilar. Bundan tashqari, delegasiya a’zolari xususiy sektor va nodavlat tashkilotlar vakillari bilan ham ko‘rishdi.

17-oktyabrda AQSHning Senat binosida Markaziy Osiyo va Kavkaz Instituti (CACI) bilan hamkorlikda tashkillashtirilgan ochiq formatdagi brifing bo‘lib o‘tdi. Tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” Markazi ijrochi direktori Akmal Burxanov O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni taqdimotini o’tkazdi. U o’z chiqishi davomida O’zbekistonda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturining qanday amalga oshirilayotganligi va natijalariga alohida e’tibor qaratdi.

O‘zbekiston vakillari brifing davomida aholining paxta terimiga jalb qilinishi, so‘z va OAV erkinligi,  o‘tmishdan tajribalar va kelajakdagi rejalar haqidagi savollarga javob berishib, samarali islohotlar vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirishini aytishdi. Tashqi siyosat sohasida O‘zbekiston uchun yaxshi qo‘shnichilik tamoyilining ustuvor ekanligi, unga ko‘ra davlatimiz qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlashga intilishini ta’kidlashdi.

Delegatsiya O‘zbekiston AQSH bilan har tomonlama, ham siyosiy, ham ta’lim va madaniyat sohalarida yaqindan hamkorlik o‘rnatmoqchi ekanligini bir necha bor ta’kidlashdi.

Mutaxassislar O‘zbekistonlik vakillarni mamlakatning yangi avlod siyosatchilari: ular muammolar va kamchiliklarni tan olishadi, xalqaro ko‘mak kerakligini yashirishmaydi deb aytishdi.