“OʻZBЕKISTON FUQAROLARINI TINGLAB” LOYIHASINING DASTLABKI NATIJALARI SARHISOB QILINDI
03.10.2018 | Ko`rilgan: 227

Joriy yilning 2-oktyabr kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazida Jahon bankining hamda “UNICEF” xalqaro bolalar tashkilotining yurtimizdagi vakolatxonalari, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida “davra suhbati” boʻlib oʻtdi. Tadbir hamkorlikdagi “Oʻzbekiston fuqarolarini tinglab” loyihasining birinchi bosqichi yakunlari sarhisobi hamda kelgusidagi rejalariga bagʻishlandi.

“Davra suhbati” davomida Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Xideki Mori, “UNICEF” xalqaro bolalar tashkilotining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Grauman va boshqalar soʻzga chiqib, Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada samarali boʻlishi va ularning taʼsirini oshirishga qaratilgan “Oʻzbekiston fuqarolarini tinglab” loyihasining birinchi bosqichi natijalari haqida maʼlumot berdilar.

Oʻz navbatida, loyiha koordinatorlari tomonidan vazirlik va idoralar mutaxassislari, fuqarolar va fokus guruhlar ishtirokida oʻtkazilgan soʻrov va uchrashuvlarning dastlabki natijalari taqdimoti oʻtkazildi. Xususan, “Oʻzbekiston fuqarolarini tinglab” loyihasi tadqiqotchisi Villyam Saytz tadbir qatnashchilariga soʻrovnoma tuzish metodlari va uning vazifalari batafsil tushuntirib berilgan boʻlsa, “UNICEF” tashkiloti vakillari aholining zaif qatlamini ijtimoiy himoya qilish doirasidagi faoliyati natijalari taqdim etildi.