• О'zbek
"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

COVID-19: «SUPER KASALLIK TASHUVCHILAR» KIMLAR?


Ayni paytda Covid-19 pandemiyasi jahon bo‘ylab keng tarqalib, dunyo hamjamiyatining ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga, ayniqsa, odamlar salomatligiga jiddiy tahdid tug‘dirmoqda. Global pandemiyaning ikkinchi to‘lqini, xususan, Markaziy Osiyo davlatlarida ham tobora avj olib borayotgani barchamizni ogoh va hushyor bo‘lishga chorlamoqda. Taassufki, koronavirus epidemiyasiga nafaqat biz, balki jahonning eng rivojlangan davlatlari ham tayyor emasligi, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya va boshqa sohalarda jiddiy muammolar mavjudligi ayon bo‘lib qoldi. Bunday sharoitda, birinchi navbatda, tibbiyot sohasi katta bosim ostida qolib, virus yuqtirgan bemorlarga keng qamrovli va shoshilinch tibbiy xizmat ko‘rsatishga ojizlik qilmoqda.

O‘zbekistonda aholi salomatligini saqlash, virus tarqalishini oldini olish va unga chalinganlarga tezkor, sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish borasida muayyan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, mamlakatimizda karantin tartibi va cheklovlari joriy yilning 10-iyulidan 1-avgustiga qadar qaytadan kuchaytirildi. Bundan ko‘zlangan eng asosiy maqsadlardan biri bu – aholini virusdan himoya qilish va infeksiya tarqalish zanjirini uzishdan iboratdir. Chunki koronavirusga qarshi vaksina yoki uning davosi topilmagan sharoitda pandemiyani jilovlashning eng samarali usuli karantin qoidalariga qatʼiy va istisnolarsiz rioya qilish ekanligini Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) eʼtirof etganidek, bugungacha erishilgan tajribalar yaqqol ko‘rsatmoqda. Shu bois, O‘zbekistonda fuqarolarning o‘zini o‘zi izolyatsiya qilishi va o‘zaro ijtimoiy masofani saqlashi orqali virus tarqalishi yo‘llarini cheklash, bemorlarni aniqlash va epidemiya o‘choqlarining kengayishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha faol choralar ko‘rilmoqda.

Qayd etish joizki, karantin cheklovlarini qayta joriy qilinishiga bir qator omillar sabab bo‘ldi. Jumladan, Respublika maxsus komissiyasining maʼlum qilishicha, avvalgi karantin qoidalari qisman yumshatilishi bilanoq ko‘pchilik eng yengil talablarga ham rioya qilishni to‘xtatib, ommaviy tadbirlar, xususan, to‘ylar va boshqa marosimlarni tibbiyot niqoblarisiz ijtimoiy masofa saqlamagan holda belgilangan ko‘rsatmalarga qaramay o‘tkazishga kirishdi. Natijada, aksariyat holatlarda, odamlarning beparvoligi yoki ehtiyotsizligi sababli mamlakatimizda iyul oyining birinchi haftasida koronavirusga chalingan bemorlar soni 2167 nafarga ko‘payib, shundan 58 foiz holat aholi orasida aniqlangan. Avvalgi qattiq karantin davrida 16 martdan 10 maygacha kasallanish holatlari soni 2 418 tani tashkil etgan bo‘lsa, karantin choralari yumshaganidan so‘ng 10 maydan 9 iyulgacha bo‘lgan davrda bu ko‘rsatkich keskin oshib, 9 029 taga yetdi. So‘nggi kunlarda esa, kunlik antirekord yana yangilanib, 13 iyulda O‘zbekistonda 594 kishida koronavirus qayd etilib, ulardan 322 nafari aholi orasida aniqlangan. Eng achinarlisi, bemorlar orasida o‘lim soni ham ortib bormoqda. 17 iyul holatiga ko‘ra, mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi qayd etilgan shaxslar soni 15 ming nafardan oshib, o‘lim holati esa 75 kishini tashkil etmoqda.

Agar jahon tajribasiga nazar solsak, karantin qoidalariga rioya qilmay tartib-taomillarni buzganlik uchun ko‘plab mamlakatlarda qattiq jazo choralari qo‘llanmoqda. Masalan, Amerika Qo‘shma Shtatlarida, agar bir kishi majburiy izolyatsiyani buzgan va boshqalarga yuqtirgan bo‘lsa, unga 100 ming dollar jarima yoki 1 yilga qamoq jazosi berilishi mumkin. Ispaniyada uyini uzrli sabablarsiz tark etganlik uchun karantin davrida jarimalar miqdori 600 dan 10,4 ming yevrogacha miqdorda belgilangan. Fransiyada karantin qoidalariga muntazam ravishda amal qilmaslik 6 oygacha hibsga olinish va 3700 yevro jarimaga tortilish bilan jazolanadi. O‘zbekistonda karantin rejimining qayta kuchaytirilishi, ko‘pchilik tasavvur qilganidek, to‘liq bloklash emas, balki asosan xizmat ko‘rsatish, umumiy ovqatlanish sohalari, yaʼni odamlarning ommaviy to‘planishi bilan bog‘liq bo‘lgan tarmoqlarga tegishli bo‘ldi. Karantin rejimini kuchaytirishning ushbu zaruriy choralari virus tarqalishini sekinlashtirishga hamda sog‘liqni saqlash tizimidagi vaziyatni barqarorlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Sababi, Respublika maxsus komissiyasi maʼlumotiga ko‘ra, iyul oyining birinchi haftasiga kelib O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi katta bosimga duch keldi.

Mavjud sog‘liqni saqlash muassasalari quvvati yangi COVID-19ga chalingan bemorlarni qabul qilish uchun yetarli emasligi hamda qatʼiy karantin choralarini qo‘llamaslik – koronavirusga chalinganlarni statsionar davolash uchun kasalxonalarda joy qolmasligi va ular bilan ishlash uchun shifokor va tibbiy xodimlarning yetishmasligiga olib kelishi mumkinligi, shuning uchun, joriy karantin choralari natijasidagi tanaffus – sog‘liqni saqlash muassasalari, shifokorlar va tibbiyot xodimlariga bo‘lgan bosimni yumshatish va avgust oyida mamlakat iqtisodiyotini tiklashda davom etish uchun zarur ekanligi bildirildi.

Respublika maxsus komissiyasi rasmiy statistika faqat aniqlangan kasallanish holatlarini qayd etib, haqiqiy holat boshqa mamlakatlardagi kabi bir necha barobar farqli bo‘lishi mumkinligi hamda simptomsiz bemorlarning aniq sonini esa, hisobga olishning imkoni yo‘qligini eslatib o‘tdi.

Jahon tajribasidan maʼlumki, simptomsiz bemorlar bilan bog‘liq holat tufayli virusni nazoratga oldik, deb eʼlon qilgan davlatlarda (Singapur) koronavirusning ikkinchi to‘lqini avj olgani hamda epidemiologik holat yana keskin yomonlashganiga guvoh bo‘ldik.

Ayrim tadqiqot natijalariga qaraganda, koronavirus tarqalishining ikkinchi to‘lqini avj olishiga Covid-19ning simptomsiz tarqatuvchilari sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Yaʼni, so‘nggi kunlardagi kasallanganlar sonini keskin o‘sishida, faqat bitta omilni ko‘rsatish yoki faqat davlatlar sog‘liqni saqlash tizimlarini ayblash noto‘g‘ri. Bunga, birinchidan, Covid-19 ning o‘ziga xos simptomsiz ko‘rinishining xususiyati, ikkinchidan, uning yuqish yoki tarqalish jarayonlari to‘g‘risida fanda ishonarli dalillarning hali to‘liq kashf qilinmagani sabab bo‘lmoqda.

AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi eʼlon qilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, koronavirusga chalinganlarning deyarli 50 foizga yaqiniga virus «simptomsiz tashuvchilar» tomonidan yuqtirilgan bo‘lishi mumkin. AQSHlik doktor Ron Yelfenbein kasallik alomati bo‘lmagan bemorlar eng ashaddiy virus tashuvchilar bo‘lib, aholi orasida koronavirus avj olishiga ular sababchi bo‘lib qolishlari mumkinligidan ogohlantirdi. Doktorning fikricha, simptomsiz bemorlar «super kasallik tashuvchilar» hisoblanishadi.

Angliyaning Irlam instituti (Earlham Institute) professori Nil Xoll ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan, global pandemiyaning kuchayib borayotgani simptomsiz tarqatuvchilar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi. Sababi, «super kasallik tashuvchilar» Covid-19ni yuqtirishganini o‘zlari ham bilmay, kasallik alomatlarisiz aholi orasida virusni tarqatib yurishlari mumkin. Bunday holat joriy yil boshidan buyon tajribada ham uchragan. Jumladan, «simptomsiz tashuvchilar» va bemorlar Yaponiya sohillaridan suzishga chiqqan “Malika Daymond” kruiz kemasida bo‘lganlarda aniqlangan. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, virusga chalinganlarning to‘rtdan uch qismi simptomsiz bemorlar bo‘lgan. Xitoyda o‘tkazilgan tadqiqotda esa, simptomsiz bemorlarning soni simptomi ko‘ringan insonlarga nisbatan ancha ko‘pni tashkil etgan.

Oksford universiteti professori Karl Xeneganning xulosasiga ko‘ra, agar koronavirusga tahlillar Buyuk Britaniyada bo‘lganidek, faqat kasallik belgilari aniq ko‘rinib turgan bemorlardangina olinsa, ko‘plab holatlar ko‘zdan qochirilishi mumkin. Professorning fikricha, kasallik tarqalishining oldini olish va nazoratning bir qismi sifatida alomatsiz tarqatuvchilarga alohida eʼtibor qaratish lozim.

Yana bir eʼtiborli jihat shundan iboratki, Yevropa Ittifoqi kuzda gripp va COVID-19 epidemiyasining yangi to‘lqini bir vaqtda avj olishining oldini olish maqsadida aʼzo davlatlarga aholini grippga qarshi ommaviy emlashga chaqirmoqda.

Maʼlumki, mamlakatimizda ham kuz-qish mavsumi yaqinlashishi bilan aholi orasida, ayniqsa, yosh bolalarning tez-tez shamollab, isitmalash holatlari sezilarli darajada ko‘payadi. Bu, o‘z navbatida, tibbiyot muassasalariga yana-da ko‘proq bemorlarning murojaatlariga va butun sog‘liqni saqlash tizimining esa qo‘shimcha bosimga tayyor turishini talab etadi. Shuning uchun ham joriy karantin choralariga qatʼiy amal qilib, kuz mavsumiga qadar vaziyatni to‘liq nazoratga olish o‘ta muhim ahamiyatga ega.

Ko‘rinib turibdiki, bunday sharoitda fuqarolarning sog‘lom yoki betob bo‘lishidan qatʼiy nazar, karantin tartiblariga rioya qilishlari, tibbiyot niqoblarini to‘g‘ri taqishlari, shaxsiy gigiyena va sanitariyaga amal qilishlari, ijtimoiy masofani saqlashlari hamda boshqalarni ham asrash maqsadida o‘zini o‘zi izolyatsiya qilishlari virusni tarqalishini oldini olish va to‘xtatishning eng samarali yo‘li hisoblanadi. Shu bilan birga, bu holat fuqarolardan koronavirus pandemiyasiga beparvolik va ishonchsizlik bilan qaramaslik, turli mish-mishlarga ishonib qolmaslikni talab etadi. Chunki, bugunga kelib, koronavirus dunyo bo‘ylab ming-minglab odamlarning o‘limiga sabab bo‘lmoqda. Shuning uchun xalqimiz, oilamiz va farzandlarimiz salomatligi va hayotiga nisbatan befarq bo‘lmaslik hozirgi vaziyatda juda muhim.

Farrux XAKIMOV,
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi
loyihalar koordinatori