• О'zbek
"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

COVID-19: PANDEMIYAGA QARSHI KURASHDA O‘ZARO TIBBIY TAJRIBA ALMASHILDI

2020 yilning 29-30 sentyabr kunlari O‘zbekiston shifokorlarining COVID-19 kasalligini davolash bo‘yicha xalqaro tajriba haqida xabardorligini yana-da oshirish maqsadida, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi tomonidan YTB turk tashkiloti (Turklar prezidentligi va xorijdagi qarindoshlar jamoalari) bilan hamkorlikda ZOOM orqali «COVID-19ga qarshi kurashda turk dunyosi, onlayn taʼlim» mavzusida onlayn seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbir davomida Covid-19ni zamonaviy davolash usullari yosh toifasi, reanimatsiya va intensiv terapiya, homiladorlik, infeksiya manbasini kuzatish va o‘zgalar bilan munosabatga kirishish kabilarni hisobga olgan holda taqdim etildi. Shu bilan birga, ikki kunlik seminarda infeksiyaning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar keng muhokama qilindi va muayyan bemor misolida davolanishning barcha bosqichlari chuqur tadqiq etildi.

Treningda prof. doktor Ozlem Moraloglu,  loyiha koordinatori prof. doktor Emrax Shenel,  Anqara shahar shifoxonasi bosh shifokorlari – prof. Levent Akin va prof. Raxmet Gyuner, Turkiyaning Covid-19 ilmiy qo‘mitasi aʼzolari, shuningdek turk respublikalari (O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Ozarbayjon) shifokorlari ishtirok etdilar.

Seminar ishtirokchilari har bir maʼruzaning xabardorligi, yangiligi va foydali tomonlarini alohida eʼtirof etdilar, har bir taqdimot ishtirokchi hamda maʼruzachilar tomonidan qizg‘in muhokama qilindi.

Tadbir davomida O‘zbekiston tomoni tashkilotchilar va barcha shifokorlarga treningdagi ishtirok uchun o‘z minnatdorchiligini bildirar ekan, olingan bilim, tajriba va ko‘nikmalar bevosita COVID-19 infeksiyasi bilan zararlangan bemorlarni tez va samarali davolash, shuningdek Markaziy Osiyoda koronavirus bilan kasallangan bemorlar sonini kamaytirishga xizmat qilishini taʼkidlab o‘tdi. O‘z navbatida, turk tomoni ham barcha shifokorlarga ushbu og‘ir davrdagi mashaqqatli mehnatlari uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Tadbir yakunida YTB prezidentligi vakillari «Taraqqiyot strategiyasi» markazi bilan ijtimoiy-iqtisodiy sohada samarali hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi
Axborot xizmati