• О'zbek
"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

TIL – DAVLAT MUSTAQILLIGINI BELGILOVCHI ASOSIY RAMZLARIDAN BIRI

Mamlakatimiz bo‘ylab bu yil 21 oktyabr sanasi ilk bor O‘zbek tili bayrami kuni sifatida keng nishonlanadi. Maʼlumki, bu haqidagi Qonun 2020 yilning 10 aprel kunidan kuchga kirgandi. Shu bois ham o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 31 yilligi joriy yilda o‘ziga xos mazmun-mohiyat kasb etgan holda har qachongidan ham o‘zgacha ruhda tantana qilinadi.

Ayni vaqtda joylarda mazkur sanaga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan qator bayramoldi tadbirlarida dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotida g‘oyat muhim o‘rin egallab kelayotgan buyuk qadriyat ekaniga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamkorligida tashkil etilgan “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” mavzusida onlayn ko‘rinishdagi xalqaro videokonferensiyada ham tilimizning jahon miqyosida ortib borayotgan nufuzi, o‘zbek tili rivojiga qaratilayotgan yuksak eʼtibor, bu boradagi huquqiy asoslarni yana-da mustahkamlash masalalari diqqat markazida bo‘ldi.

Anjumanda deputatlar, davlat va nodavlat tashkilotlar mutasaddilari, tilshunos olim va ekspertlar, mutaxassislar, AQSH, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkiya va boshqa xorij davlatlarida istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘z olgan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov o‘z fikr-mulohazalarini quyidagicha bayon etdi:

– 1989 yil 21 oktyabrda, O‘zbekiston hali o‘z mustaqilligini eʼlon qilmay turib ajdodlarimiz uzoq yillar orzu qilib kelgan “Davlat tili haqida”gi Qonunning qabul qilinishi mamlakat suvereniteti sari qo‘yilgan dastlabki dadil qadam edi. Aynan ushbu tarixiy hujjatga ko‘ra, o‘zbek tili mustahkam huquqiy asos va yuksak maqomga ega bo‘ldi.

Keyingi vaqtlarda esa, tilimiz tom maʼnoda davlat tili maqomiga erishib, xalqimizni yangi O‘zbekistonni barpo etishdek ulug‘vor maqsadlarga safarbar etuvchi beqiyos kuch sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bosh Qomusimizda qatʼiy belgilab qo‘yilgan “mamlakatda davlat tili o‘zbek tilidir”, degan konstitutsiyaviy tamoyilning amalda taʼminlanayotganini so‘nggi yillarda qabul qilinayotgan qonun hujjatlari misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 21 oktyabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan bir qator tashkilotlar qatori «Taraqqiyot strategiyasi» markazining o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun — 21 oktyabr sanasini «O‘zbek tili bayrami kuni» deb eʼlon qilish to‘g‘risidagi taklifi maʼqullangani ham mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi o‘rni va nufuzi tobora yuksalib borayotganidan dalolatdir. O‘zbek tiliga berilayotgan alohida eʼtibordan ruhlanib, yurtimizda faoliyat yuritayotgan ko‘plab diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari ham turli davralarda aynan o‘zbek tilida so‘zlab, maʼruzalar qilayotganliklarini ham bu boradagi islohotlarimiz samarasi sifatida baholash mumkin.

Shu o‘rinda, Markazimiz tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda davlat tiliga oid qonun hujjatlari ijrosi yuzasidan doimiy monitoring va o‘rganishlar olib borish, aniqlangan kamchilik va muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli taklif-tavsiyalar ishlab chiqish, o‘z navbatida, o‘zbek tilini yana-da rivojlantirish va keng targ‘ib etish bo‘yicha milliy va xalqaro maydonda targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini muntazam o‘tkazib borishga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini taʼkidlamoqchiman.

Videokonferensiyada so‘zga chiqqan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi Dilorom Fayziyeva, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Azamat Toshev, AQSHdagi “O‘zbek-Amerika” jamiyati raisi Olim Sharipov, Turkiyadagi turkistonliklarga madaniy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish jamiyati raisi Akbar Yassa, Qozog‘iston Respublikasi “Do‘stlik” o‘zbeklar etnomadaniy jamoat birlashmalari raisi Ikrom Hoshimjonov, Tojikiston Respublikasi So‘g‘d viloyati o‘zbeklar maʼnavit-maʼrifat markazi raisi Ilhom Yusupov va boshqalar ham o‘zbek tili millat tafakkurining bebaho xazinasi ekanini eʼtirof etib, ona tilimiz madhiyamiz, bayrog‘imiz va gerbimiz kabi davlatimiz mustaqilligini belgilovchi asosiy ramz ekani, joriy yil 23 sentyabr kuni tilimizning tarixda ilk bor BMTning yuksak minbaridan yangragani xalqimizga cheksiz g‘urur va iftixor baxsh etganiga eʼtibor qaratishdi.

Xalqaro anjumanda ishtirokchilar tomonidan o‘zbek tilining jamiyatimiz hayoti va xalqaro miqyosdagi obro‘sini yana-da oshirish, til sofligini saqlash va boyitish, yosh avlodni ona tiliga hurmat va muhabbat ruhida kamol toptirish, sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish va bu borada xalqaro hamkorlikni kengaytirish yuzasidan qator fikr-mulohazalar bildirildi hamda amaliy takliflar ishlab chiqildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati.