"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
XAVF-XATARNING “O'ZIMIZNIKI” YOKI “BIROVNIKI”SI BO'LMAYDI
160 | 13 Yan. 2021 y.

Ismatulla IRGASHEV,
O'zbekiston Prezidentining Afg'oniston masalalari
bo'yicha maxsus vakili

Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma'rifiy sohalardagi ustuvor vazifalar, tinchlik va xavfsizlikni, millatlararo totuvlikni hamda bag'rikenglik muhitini ta'minlash, yoshlarning kamol topishiga munosib sharoit yaratish, milliy manfaatlarimiz, mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro'-e'tiborini oshirish, ochiq va amaliy tashqi siyosat yuritish yuzasidan aniq “yo'l xaritasi”ni belgilab berdi.

So'nggi yillarda qo'shni davlatlar bilan o'zaro manfaatli aloqalar va ishonchli sheriklik munosabatlarini o'rnatish hamda ularni yanada yuqoriroq bosqichga olib chiqish masalasiga jiddiy e'tibor berib kelinmoqda. O'zbekiston tomonidan olib borilayotgan siyosat natijasida mintaqamizda tamomila yangicha muhit qaror topib, o'zaro hurmat, do'stlik va yaxshi qo'shnichilik tamoyillariga asoslangan hamkorlik va taraqqiyot hududi yaratildi.

Prezidentimizning qarori bilan Toshkentda Markaziy Osiyo xalqaro institutining ta'sis etilishi bejiz emas. Ushbu dargohda mintaqa mamlakatlari o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga oid izlanishlar hamda Markaziy Osiyo bilan bog'liq bo'lgan turli tahdid va muammolarni hal etishga qaratilgan tizimli tadqiqotlar olib boriladi.

Davlatimiz rahbari Afg'oniston Markaziy Osiyo mintaqasining ajralmas qismi ekanligini bir necha bor turli xalqaro minbarlarda ta'kidlab kelmoqda. Shavkat Mirziyoyev ta'biri bilan aytadigan bo'lsak, o'zbeklar va afg'onlar Amudaryoning ikki sohilida yashab kelayotgan bir-biriga birodar yagona xalqdir. Shu nuqtai nazardan, tashqi siyosatimizda afg'on yo'nalishi alohida o'rin tutadi. Shubhasiz, ushbu davlatda uzoq yillardan beri davom etib kelayotgan mojaroni hal etmay turib, tinch va taraqqiy etgan Markaziy Osiyo haqida gapirib bo'lmaydi.

2018 yilning mart oyida Prezidentimiz tashabbusi bilan Toshkent shahrida o'tkazilgan Afg'oniston muammosini hal etish masalasiga bag'ishlangan xalqaro konferensiya O'zbekistonning afg'onlararo tinchlik jarayonini yo'lga qo'yish uchun qo'shgan hal qiluvchi hissasi bo'ldi. Ushbu anjumanni afg'on mojarosining tinchlik yo'li bilan yechimini topishga qaratilgan ko'p yillik xalqaro urinishlardagi burilish nuqtasi deb baholashga xaqlimiz. Tadbir doirasida yakdillik bilan qabul qilingan “Toshkent deklaratsiyasi” dunyo hamjamiyati tomonidan Afg'onistonda tinchlik o'rnatish bo'yicha olib borilayotgan sa'y-harakatlarni yanada faollashtirishga turtki bo'lib xizmat qildi va afg'on muammosini xalqaro kun tartibining markaziga qaytarish imkonini berdi.

Davlatimiz rahbarining izchil va qat'iy tashqi siyosati o'laroq Toshkent nafaqat qo'shni mamlakat iqtisodini tiklashda balki Afg'onistondagi tinchlik jarayonida ham munosib o'rin egallab, o'zining alohida mavqeini qo'lga kiritdi.

Bugungi kunda O'zbekiston dunyoning nufuzli mamlakatlari bilan bir qatorda afg'onlararo muzokaralarni ilgari surishga ko'mak beruvchi 5 ta (Qatar, O'zbekiston, Germaniya, Norvegiya va Indoneziya) hamfikr davlatlar safidan o'rin olgan.

Respublikamiz tomonidan xalqaro hamjamiyat bilan uyg'un tarzda amalga oshirilgan chora-tadbirlar tufayli 2020 yilning 12 sentyabr kuni Qatarning Doha shahrida afg'onlararo muloqotning ilk davrasi boshlandi.

Afg'on masalasiga yondashuvimizning afzallik jihati shundan iboratki, O'zbekiston qo'shni mamlakatdagi barcha siyosiy kuchlar, milliy-diniy guruhlar va qurolli muxolifat vakillari, shu jumladan, “Tolibon” harakati rahbariyati bilan birdek muvozanatli aloqalar o'rnatishga muvaffaq bo'ldi.

Hozir Afg'onistonda tinchlik o'rnatish jarayonida O'zbekistonning faol qatnashishiga yanada ko'proq ehtiyoj sezilmoqda. Prezidentimiz tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkilotining 75-sessiyasida mamlakat milliy iqtisodini tiklashga qaratilgan Afg'oniston bo'yicha maxsus qo'mita ta'sis etish to'g'risida ilgari surgan tashabbus xalqaro hamjamiyat tarafidan qo'llab-quvvatlanmoqda.

Afg'oniston iqtisodiyotini qayta qurish, mamlakat ijtimoiy sohasini rivojlantirish, ilmiy salohiyatini, to'laqonli maorif va ta'lim tizimini barpo etish uchun malakali mutaxassislarga ehtiyoj sezilmoqda. Ushbu voqelikdan kelib chiqib, Termiz shahrida Afg'oniston fuqarolariga ta'lim berish markazi ta'sis etildi. Hozirda ushbu ixtisoslashgan o'quv yurtida yuzlab afg'onistonlik talabalar oliy ta'limning turli yo'nalishlari bo'yicha tahsil olmoqda. Bir so'z bilan aytganda, O'zbekiston afg'on milliy kadrlarini tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish ishiga salmoqli hissa qo'shib kelmoqda.

Yaqinda shaxsan Prezidentimizning rahnamoligida afg'on shifokorlaridan iborat 20 kishilik guruh malaka oshirish va koronavirus kasalligini davolash uslublarini o'rganish maqsadida O'zbekistonga tashrif buyurdi.

Shuni qayd etish lozimki, og'ir pandemiya sharoitida ham respublikamiz Afg'oniston bilan chegarani yopgani yo'q. Qo'shni davlatga oziq-ovqat mahsulotlari, yoqilg'i, dori-darmon, tibbiyot anjomlari va insonparvarlik yordami muntazam yetkazib berildi. Qo'shni mamlakatning tashqi dunyo bilan savdo-sotiq aloqalari O'zbekiston tomonidan qurib berilgan Hayraton — Mazori-Sharif temir yo'l transport yo'lagi orqali to'xtamay amalga oshirilmoqda.

O'zbekiston tomoni Surxon — Puli-Xumri elektr uzatish tarmog'ini Afg'onistonda barpo etish loyihasini amalga oshirish bilan bog'liq amaliy ishlarni boshlab yubordi. Uning hayotga tatbiq etilishi Afg'onistonni Markaziy Osiyoning yagona energetika tizimiga bog'lash imkonini beradi hamda “CASA-1000” loyihasining muhim tarkibiy qismi sifatida mintaqamiz elektr energiyasini Pokiston hamda Janubiy Osiyo mamlakatlariga yetkazib berishga sharoit tug'iladi.

Afg'oniston hukumati va boshqa xalqaro sheriklar bilan birgalikda Markaziy va Janubiy Osiyoni bog'lovchi Mazori-Sharif — Kobul — Peshovar yo'nalishida temir yo'l qurish loyihasini amalga oshirishga tayyormiz. Bu borada aniq va manzilli choralar ko'rilmoqda.

O'zbekiston, Afg'oniston va Pokiston davlat rahbarlarining Transafg'on transport yo'lagini barpo etish loyihasini moliyalashtirishga oid mushtarak murojaatnomasi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Amerika xalqaro taraqqiyot moliya tashkiloti, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa nufuzli jamg'armalar rahbariyati nomiga yo'llandi.

Ushbu rejaning yaqin istiqbolda to'la-to'kis ro'yobga chiqishi Markaziy va Janubiy Osiyoni bir-biriga bog'lash bilan bir qatorda, Afg'onistonni mintaqaviy integratsiya jarayonlariga jalb etishda katta rol o'ynaydi hamda mamlakat iqtisodining tiklanishida muhim omil bo'lib, minglab ish o'rinlarini yaratish imkonini beradi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy yilning may oyida Toshkent shahrida “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o'zaro bog'liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusida xalqaro konferentsiya tashkil etish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari ma'no va mohiyati nuqtai nazaridan strategik xarakterga ega bo'lgan o'z Murojaatnomasida afg'on zaminida 40 yildan buyon hukm surayotgan keskinlik va qurolli mojaro barham topishiga, qo'shni mamlakatda tinchlik va barqarorlik o'rnatilishiga qat'iy ishonch bildirdi. Chunki “xavfsizlik yagona va bo'linmasdir va uni faqat birgalikdagi sa'y-harakatlar bilan ta'minlash mumkin”.

O'zbekistonning yagona maqsadi — Afg'onistonda tinchlik o'rnatish, mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlash va Markaziy Osiyo mamlakatlarining iqtisodiy yuksalishi uchun zarur shart-sharoit yaratishdir. Prezidentimiz ta'biri bilan aytadigan bo'lsak, “xavf-xatarlarning ba'zi birlarini “o'zimizniki”, boshqasini esa “birovniki” deb o'ylamasdan, bugun xalqaro hamjamiyat birlashib, jafokash Afg'oniston xalqiga uning tinchligi va taraqqiyoti yo'lida yordam qo'lini uzatishi har qachongidan muhimdir.


0
Похожие новости