• О'zbek
"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

PENSIYA TA’MINOTI VA AHOLINI IJTIMOIY HIMOYA QILISH MASALALARI JAMOATCHILIK ESHITUVIDA MUHOKAMA QILINDI

Joriy yilning 3-iyun kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Adliya vazirligi hamkorligida Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tizimida joriy qilingan AKT bo‘yicha navbatdagi jamoatchilik eshituvi tashkil etildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari, huquqshunoslar, Adliya vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan jamoatchilik eshituvida jamg‘arma faoliyatiga oid qonunchilik hujjatlari, vazifa va topshiriqlarning joylardagi ijrosi kabi masalalar tanqidiy tahlil qilindi.

O‘rganish jarayonida Adliya vazirligi tomonidan “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimida joylashtirilgan Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi faoliyatiga bevosita aloqador 2 ta qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 4 ta farmoni, 1 ta qarori, shuningdek, ular ijrosini ta'minlashga qaratilgan Hukumatning 5 ta qarorida belgilab berilgan 30 ta bandning ijro holati o‘rganildi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar jamg‘arma foliyatida yo‘lga qo‘yilgan xato va kamchiliklarga to‘xtalib o‘tishdi. Xususan, jamg'armaning moddiy texnik bazasi eskirgani, faoliyatiga axborot-kommunikatsiya tizimi to'liq joriy etilmagani hamda ayrim dasturiy tizimlardan foydalanish o‘z vaqtida to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani ma'lum qilindi.

Natijada, 2021-yil 1-aprel holatiga jamg‘armaga yuklatilgan 30 ta topshiriqdan 18 tasi bajarilgan, shu jumladan, 3 tasi (16,7%) muddatidan kech bajarilgan, 11 ta hujjat ijro jarayonida (61,1%), 1 ta (5,6%) topshiriqning ijro muddati o‘tgan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2021-2030-yillarda O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishi bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ning 2.2.4.1.-bandida 2021-yil 1-martga qadar ijtimoiy himoya milliy strategiyasining maqsadlari, vazifalari va qamrovini aniqlash vazifasi belgilangan. Ammo mazkur vazifaning ijrosi to‘liq ta'minlanmasdan turib, ijrodan chiqarib yuborilgan.

Jamoatchilik eshituvini boshqarib borgan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov o‘z ma'ruzasida sohaga AKT o‘z vaqtida joriy etilmasligi natijasida yuzaga kelayotgan salbiy holatlarga ham alohida to'xtalib, jumladan shunday dedi:

— Pensiya taminoti va aholini ijtimoiy himoya qilish borasida Harakatlar strategiyasi doirasida bir qator islohotlarning amalga oshirilishi natijasida, ushbu tizim takomillashib borayotganini e'tirof etish joiz. Ammo bugun Byudjetdan tashqari pensiya jamgarmasi tizimida aholiga xizmat korsatishda idoralararo hamkorlik muhim ahamiyatga ega bolishiga qaramasdan, ayrim vazirlik va idoralar tomonidan Jamgarma faoliyatiga daxldor ma'lumotlarning elektron bazasi oz vaqtida shakllantirilmagan. Shu bilan birga, Jamgarma faoliyatiga AKTning oz vaqtida tatbiq etilmagani tizimda yana bir qator muammolarni keltirib chiqarmoqda. Jamgarma “Pensiya” dasturiy mahsulot server qurilmasidan 10 yildan beri, 2014-yildan buyon esa texnik kafolatsiz foydalanib kelmoqda. Bu esa dasturda tez-tez to‘xtalishlar va nosozliklarni keltirib chiqarmoqda.

Xususan, 2019-yil “KPMG Audit” xalqaro kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan audit natijasida server qurilmasi holati “xavfli” deb xulosa berilgan bo'lishiga qaramasdan, otgan vaqt davomida aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmagan. Bu kabi Jamgarma faoliyatiga zamonaviy AKTni joriy etishga bolgan e'tiborsizlik oz ozidan jamoatchilikda ishonchsizlik kayfiyati tug'dirish bilan birga, Jamgarmaning oldiga qo‘yilgan vazifa va maqsadlarni amalga oshirishni ham shubha ostida qoldiradi.

Shuningdek, yuqoridagi kabi texnik nosozliklar sabab jamg‘armaning boshqaruv apparati, viloyat (shahar) va tuman bo‘limlari o‘rtasida hujjat almashinuv tizimi va ijro intizomi tizimini avtomatlashtirish “ijro.gov.uz” negizida yaratilgan Moliya vazirligining “mf.ijro.uz” tizimidan foydalanish orqali amalga oshirilmoqda. Ammo “mf.ijro.uz” tizimidan foydalanish pullik bo‘lgani bois jamg‘arma xodimlarining bor-yo‘g‘i 16 foizi ushbu tizimga ulangan.

Zamonaviy AKTning jamg‘arma tizimiga o‘z vaqtida joriy etilmagani sababli qolgan xodimlar hujjat almashinuvi va ijrodagi hujjatlarning nazoratini qog‘oz ko‘rinishida yuritib kelmoqda. Bu esa hujjatlarni qayta ishlash va nazorat qilish ishlarida muddatlarning buzilishiga va qog‘oz sarfining ortishiga olib kelmoqda.

Shuningdek, jamoatchilik eshituvida jamg‘arma mas'ul xodimlari Nuriddin Shodixo‘jayev, Abror Xolmatov, Dilshod Mirsaidovlar tomonidan bugungi kunda pensiya oluvchilar soni va toifasi haqida ham aniq ma'lumotlar taqdim etildi. Jamg‘arma ma'lumotlariga ko‘ra, 2021-yil 1-mart holatiga O‘zbekiston aholisining 3 864 831 nafari, ya'ni 11,2 foizi pensiya olmoqda.

Shundan, 2 870 862 nafari (74,3%)ni yoshga doir pensiya, 390 884 nafari (10,1%)ni nogironlik pensiyasi, 192 577 nafari (5,0%)ni boquvchisini yo‘qotgan pensiya oluvchi oilalar va 410 508 nafari (10,6%)ni nafaqa oluvchilardir.

Qizg‘in bahs-munozaralar bilan o‘tgan jamoatchilik eshituvi yakunida ekspert hamda soha xodimlari tomonidan jamg‘arma faoliyatiga AKT joriy qilish, belgilab berilgan vazifalarning o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta'minlash borasida qilinishi lozim bo‘lgan vazifalar yuzasidan chora-tadbirlar belgilab olindi.

“Taraqqiyot strategiyasi”

markazi Axborot xizmati.