• О'zbek
  • Davlat dasturi
"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

DAVLAT DASTURI AMALDA: YOSHLAR UCHUN QO‘SHIMCHA IMTIYOZ VA SUBSIDIYALAR AJRATILADI

2021-yil — “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 235-bandida 2021/2022-o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to'plagan 200 nafar yoshlar uchun Prezident grantini joriy etish nazarda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni bilan mazkur band ijrosi ta’minlandi.

Farmon bilan yoshlarga quyidagi imtiyoz va subsidiyalar ajratish nazarda tutilgan:

— “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning davlat oliy ta’lim muassasalarida ta'lim olayotgan farzandlariga 2021/2022 o‘quv yilida birinchi o‘quv yili uchun to‘lov-kontraktning to‘liq summasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi;

— “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalar farzandlari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga yangi turmush qurayotganida o‘z xonadonida qo‘shimcha uy-joy qurishi uchun 33 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi;

— yosh oilalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida ipoteka dasturi doirasida qo‘shimcha 2 mingta yosh oilaga uy-joy sotib olishi uchun subsidiya beriladi;

— 2021-yil 1-sentyabrdan boshlab respublikadagi oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalar uchun Markaziy bankning asosiy foiz stavkasi miqdorida va o‘qish muddati tugagandan keyin yettinchi oydan boshlab 7 yil muddatda qaytarish shartlari asosida ta’lim krediti beriladi;

— Davlat organlari, tashkilot va muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 500 talik ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarini (bakalavriat, magistratura) tamomlagan yoki ularda ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha ustamalar to‘lab borish tartibi joriy etiladi;

Bunda, nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 500 talik ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy oliy ta’lim muassasalari ro‘yxati Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi tomonidan aniqlanadi va uning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.

— Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan oylik ustamalar tatbiq etiladigan ta’lim yo‘nalishlari, tor mutaxassisliklar hamda davlat organlari, tashkilot va muassasalari ro‘yxati shakllantiriladi. Shakllantirilgan ro‘yxat bo‘yicha, oylik ustamalar 2021-yil 1-oktyabrdan boshlab Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, ish beruvchi va yosh mutaxassis bilan 3 yilgacha bo‘lgan muddatga tuzilgan shartnoma asosida yosh mutaxassisning lavozim maoshiga qo‘shimcha ravishda har oy to‘lab boriladi;

— 2021-yil 1-oktyabrdan boshlab, yoshlarning “Biznesga birinchi qadam” startap g‘oyalari tanlovlari tashkil etiladi. Har bir tuman va shaharda kamida uch nafardan g‘olibga grantlar beriladi. Tanlovda qatnashgan eng yaxshi loyihalarning har biri uchun bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravarigacha grant mablag‘lari beriladi va ular 2022-2023-yillarda Davlat byudjetidan 100 milliard so‘m miqdorida qo‘shimcha ajratiladigan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur Farmon orqali yoshlarning bilim va kasb-hunar egallashi, ular uchun munosib ish va turmush sharoitini yaratish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar hayotga tadbiq etiladi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati