• О'zbek
"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

MARKAZIY OSIYONING MINTAQAVIY TRANSFORMATSIYA JARAYONLARI MUHOKAMA QILINDI

Joriy yilning 25-26-sentyabr kunlari Qirg‘iziston Respublikasining poytaxti Bishkek shahrida joylashgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (EXHT) Akademiyasida «Markaziy Osiyoda mintaqaviy transformatsiya» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiya bo‘lib o‘tdi.

EXHT Akademiyasi va Germaniyaning Fridrix Ebert nomidagi Fond tomonidan tashkil etilgan xalqaro konferentsiyada Markaziy Osiyo davlatlari hamda xalqaro tashkilotlar vakillaridan iborat ekspertlar ishtirok etib, Markaziy Osiyoda jadallik bilan ro‘y berayotgan o‘zgarishlar yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini bildirishdi. Jumladan, ushbu konferentsiyada «Taraqqiyot strategiyasi» markazi bo‘lim boshligi Farrux Xakimov «Markaziy Osiyoning iqtisodiy rivojlanishida raqamli iqtisodiyot» mavzusida ma’ruza qildi.

F.Xakimov o‘z ma’ruzasi davomida Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiy taraqqiyotida samarali raqamlashtirish va axborotlashtirish siyosatining ahamiyati, sohadagi muammolar va istiqbolli loyihalar hamda raqamlashtirish bo‘yicha milliy taraqqiyot strategiyalarini takomillashtirish bo‘yicha takliflarini mintaqa va jahonning yetakchi ekspertlari e’tiboriga havola qildi.

Xususan, ma'ruzachi tomonidan Markaziy Osiyoda raqamli iqtisodiyot va raqamlashtirish sohasida ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish maqsadida mintaqa davlatlari o‘rtasida savdo munosabatlari va bojxona hujjatlarini rasmiylashtirishda «elektron hujjatlar» va masofadan ko‘rsatiladigan elektron xizmatlarni keng joriy qilinishi maqsadga muvofiqligi ta’kidlab o‘tildi.

Shuningdek, F.Xakimov xalqaro konferentsiya ishtirokchilariga O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va axborotlashtirish, jumladan «Raqamli O‘zbekiston – 2030» milliy ctrategiyasi hamda yoshlar va aholini axborot texnologiyalariga o‘qitish bo‘yicha amalga oshirilayotgan «Bir million dasturchi» loyihalari haqida ham batafsil ma’lumot berib o‘tdi.

Amaliy tashabbuslarga boy bo‘lgan konferentsiya yakunida ishtirokchilar tomonidan Markaziy Osiyo mintaqasida sodir bo‘layotgan jarayonlarga nisbatan aniq pozitsiya va yondashuvlarini ishlab chiqishda bu kabi uchrashuvlarning o‘rni g‘oyatda muhimligi e'tirof qilinib, kun tartibidagi masalalar yuzasidan bildirilgan fikr va takliflarni amaliyotga joriy etish yuzasidan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishga kelishib olindi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati