• О'zbek
"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
HARAKATLAR STRATEGIYASI: BESH YILLIK NATIJALAR SARHISOB QILINDI
23526 | 06 Okt. 2021 y.

Joriy yilning 5-oktyabr kuni Toshkent shahrida «Taraqqiyot strategiyasi» markazi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamkorligida «O‘zbekiston: besh yil ichidagi jadal islohotlar» mavzusida xalqaro konferentsiya tashkil etildi.

Konferentsiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, davlat boshqaruvi organlari rahbarlari, NNTlar, fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlar elchilari, xalqaro va mahalliy ekspertlar, mutaxassislar hamda mahalliy va xorijiy OAV vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda ma’ruzachilar tomonidan Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilgan islohotlar natijalari bo‘yicha taqdim qilgan tahliliy hisobotlar, fuqarolik jamiyat vakillari, mahalliy va xalqaro ekspertlarning baholari va fikrlari tinglandi.

Jumladan, Yevropa Ittifoqi Delegatsiyasining boshlig‘i Sharlotta Adrian, Yevropa Kengashining Venetsiya komissiyasining vitse-prezidenti Filip Dimitrov, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vakolatxonasining rahbari Alkis Drakinos va JICA vakolatxonasining rahbari Suguru Miyadzaki, YeXHTning loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Xans-Ulrix Im va boshqalar Harakatlar strategiyasi doirasidagi islohotlarning natijalari hamda mamlakatda boshlangan islohotlarni davom ettirish bo‘yicha o‘z fikr-mulohaza va tavsiyalarini taqdim etishdi.

Tadbir davomida «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov tomonidan Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilgan barcha islohotlar va ularning natijalari haqidagi ma’lumotlarni sodda va ommabop ko‘rinishda o‘z ichiga joylagan Reforms.uz elektron platformasi va uning ishlash mexanizimlari taqdimoti o‘tkazildi.

– Mazkur platformani yaratish jarayonida, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutining (SMTI) mutaxassislari nihoyatda katta ma’lumot hajmini – ham davlat organlarining rasmiy raqamlari va statistikasini, ham xalqaro tashkilotlarning hisobotlarini, xorijiy ekspertlar va fuqarolik jamiyatining baholashlarini o‘rganib chiqdi. Jumladan, 70 dan ortiq vazirlik va idoralar tomonidan taqdim qilingan 1 200 dan ziyod hujjatlar ichidan 400 dan ortiq eng muhimlari saralab olinib, ushbu ma’lumotlar barcha uchun tushunarli bo‘lgan xalqona tilda platformaga joylashtirildi.

Endilikda, Reforms.uz platformasi orqali mamlakatimizning har bir fuqarosi o‘zini qiziqtiruvchi muayyan mavzu bo‘yicha islohotlarning natijasi bilan tanishib chiqishi mumkin. Platformadagi barcha raqamlar taqqoslanuvchi shaklda keltirilgan bo‘lib, kuzatuvchilar 1991-yildan 2016-yilgacha va 2017-yildan 2021-yilgacha bo‘lgan vaqt oralig‘idagi barcha ma'lumotlarni taqqoslab ko‘rishlari mumkin. Eng muhimi, ma'lumotlar platformaga o‘zbek, rus va ingliz tillarida joylashtirilgan.


Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Harakatlar strategiyasining birinchi ustuvor yo‘nalishi Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish borasida bir qator ma’muriy islohotlar amalga oshirildi. Xususan, 110 ta samarasiz faoliyat ko‘rsatayotgan idoralararo organlar faoliyati tugatildi. 10 ta yangi vazirlik va idoralar tuzilib, 6 ta davlat funktsiyasi xususiy sektorga o‘tkazildi.

2017-yildan boshlab O‘zbekistonda Xalq qabulxonalari va Prezidentning Virtual qabulxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ular aholi bilan bevosita muloqotni, tezkor javob berishni va joylarda muammolar hal etilishini ta’minlab kelmoqda. 2017-yildan 2020-yilgacha ular orqali 10,1 mln. murojaatlar o‘rganilib ijobiy hal etilgan.

Byurokratiyaga qarshi kurashish natijasida davlat xizmatlaridan foydalanish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar soni 2 barobarga (167 dan 79 gacha) qisqartirildi. 4 yil ichida «Yagona darcha» tamoyili asosida taqdim etiladigan xizmatlar soni 10 barobarga (16 dan 157 gacha) oshdi.

Konferentsiyada so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Ruslanbek Davletov tomonidan Harakatlar strategiyasini amalga oshirish uchun izchil ravishda yillarga beriladigan nomlardan kelib chiqib 5 ta davlat dasturi qabul qilgani, ularni amalga oshirishga 114 trln. so‘m va qariyb 31 mlrd. AQSh dollari yo‘naltirilganligi, O‘zbekistonni rivojlantirish uchun jami 118 ta funtamental g‘oya ilgari surilgani hamda o‘tgan davrda Harakatlar strategiyasini ro‘yobga chiqarish uchun 311 ta qonun 2000 ga yaqin O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari, 3000 dan ziyod Hukumat qarorlari qabul qilinganligi alohida ta’kidlab o‘tildi.

Oliy sud raisi Kozimjon Komilov o‘z chiqishida sud tizimida amalga oshirilgan bir qator islohotlarga to‘xtalib o‘tdi. Unda e'tirof etilishicha, 2018-yilda fuqarolarning huquqlari va tadbirkorlarning manfaatlarini himoya qilish uchun davlat organlari va mansabdor shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlari (yoki harakatsizligi) ishlarini ko‘rib chiqish uchun ma’muriy sudlar tuzildi. Ma’muriy sudlar tomonidan 2017-yildan 2021-yilning sentyabriga qadar 68 mingta ariza ko‘rib chiqilib, 44,3 mingtasi qondirildi, xususan hokimlarning 5,3 mingta qarori noqonuniy deb topildi.


2017–2020-yillarda respublikaning tashqi savdo aylanmasi 1,4 barobarga o‘sdi, inflyatsiya darajasi 18,8% dan 11,1% gacha pasaydi, oltin-valyuta rezervlari 26,4 mlrd. dollardan 34,9 mlrd. dollargacha oshdi.

O‘zbekiston barcha eksport qilinadigan tovarlar va xizmatlar bo‘yicha bojxona bojlarini bekor qildi, eksport va litsenziyalash tartibi amallarini soddalashtirdi, 60% import qilinuvchi tovarlar uchun bojxona bojlarining «nol» stavkalarini belgiladi va import bojxona bojlari stavkalarini 6,45% gacha kamaytirdi. Islohotlar natijasida kichik biznes sektori sezilarli darajada o‘sdi: 2016-yilda respublikada 27 ming, 2020-yilda esa – 93 ming kichik tadbirkorlik subektlari ro‘yxatdan o‘tkazildi.


2017–2020-yillarda O‘zbekiston dori-darmonlar va tibbiy maqsadli buyumlar uchun 1618 mlrd. so‘m ajratdi (1991-2016-yillarda 227 mlrd. so‘m bo‘lgan). Ulardan 61,6 mlrd. so‘m qismi onkologik kasalliklarni davolash uchun dorilarga (1991-2016-yillarda 8,3 mlrd. so‘m), 217,4 mlrd. so‘m – gematologiya va onkogematologiya uchun dorilarga (1991-2016-yillarda 2,8 mlrd. so‘m) yo‘naltirilgan.

Xalq ta’limi tizimidagi islohotlar natijasida 2017–2020-yillarda 328 ta yangi maktab barpo etildi va 11 yillik majburiy maktab ta’limi tiklandi.

Maktabgacha ta’lim tizimida ham katta o‘zgarishlar yuz berdi. 2016-yilda 5,2 ming bolalar bog‘chalari faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2020-yida ular 18,3 mingga yetdi (shu jumladan davlat bog‘chalari soni 5 mingdan 6,2 minggacha oshdi). Bolalarning maktabgacha ta'lim bilan qamrab olinishi darajasi 2020-yilda 61% ga yetdi, 2016-yilda esa 27,7% bo‘lgan edi.

O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda: kambag‘allik darajasi 2000-yildagi 28% dan 2020-yilda 11% gacha qisqardi. Kam ta’minlangan oilalar bolalar bog‘chalari uchun to‘lovlardan ozod etilgan, kam ta’minlangan oilalarning bolalari bo‘lgan maktab o‘quvchilari mavsumiy kiyim bilan ta'minlanmoqda.

Tadbirda xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish borasida amalga oshirilgan ishlarga ham atroflicha to‘xtalib o‘tildi.

Jumladan, O‘zbekiston birinchi marta diniy masalalar bo‘yicha «alohida xavotir uyg‘otuvchi» davlatlar ro‘yxatidan chiqarildi. Qo‘shni davlatlar bilan do‘stona va o‘zaro manfaatli aloqalar mustahkamlanib, chegaralar hamda suv-energetik resurslardan foydalanishga oid masalalar tartibga solindi.

Hozir O‘zbekistonda 86 ta davlat fuqarolari uchun vizasiz rejim amal qiladi (2016-yilda u 9 ta davlat uchun amal qilar edi), respublikamiz xalqaro reytinglarda bir nechta pozitsiyaga yuqoriroq ko‘tarildi.

O‘zbekistonning mudofaa salohiyati mustahkamlandi: kontrakt asosidagi harbiy xizmatchilarning ulushi 68% gacha o‘sdi (2016-yilda 37%), qo‘shinlarning zamonaviy qurol-yarog‘ bilan jihozlanishi darajasi 5 barobarga ortdi.


 

Shuningdek, xalqaro konferentsiya ishtirokchilari tomonidan Harakatlar strategiyasi bugungi globallashuv sharoitida jahonda tub o‘zgarishlar kechayotgan murakkab bir vaziyatda, O‘zbekiston uchun siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy islohotlarning eng muhim besh ustuvor yo‘nalishini amalga oshirishning yaqin istiqbolga mo‘ljallangan muhim milliy strategik hujjati ekanligi amalda to‘laqonli o‘z aksini topganligi e’tirof etildi.

Tadbirning ikkinchi qismida ishtirokchilar sessiyalarga bo‘lingan holda Harakatlar strategiyasini amalga oshirishga mo‘ljallangan beshta yo‘nalish doirasida soha mutaxassislari bilan erishilgan natijalarni tahlil qilishdi, galdagi vazifalar yuzasidan o‘z taklif va tavsiyalarini ishlab chiqishdi.

Har bir sessiya yakunida qizg‘in muhokamalar o‘tkazildi. Konferentsiya yakunida xorijiy va mahalliy ekspertlar o‘zlarining fikr-mulohazalari bilan ham o‘rtoqlashishdi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati


22
Похожие новости