"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

ENDI APENNIN YARIM OROLIDA HAM HAMKOR VA HAMFIKRLARIMIZ BOR

2019-yilning 27–28-iyun kunlari «Taraqqiyot strategiyasi» markazi Ijrochi direktori Eldor Tulyakov boshchiligidagi delegatsiyasining Italiya poytaxti Rim shahriga tashrifi ham amaliy uchrashuvlarga boy boʻldi. Jumladan, Siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy tadqiqotlar instituti Bosh kotibi Marko Richcheri bilan uchrashuv fikrimiz tasdigʻidir.

Muloqot avvalida Eldor Tulyakov 2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirishga qaratilgan islohotlar, bu jarayonda Markaz faoliyatining asosiy yoʻnalishlari, shuningdek, Harakatlar strategiyasi doirasida qabul qilingan Davlat dasturlari monitoringi haqida batafsil maʼlumot berdi. Shuningdek, 2019-yilgi Davlat dasturiga muvofiq joriy yilning noyabr oyida «Markaziy Osiyo – bizning umumiy uyimiz» Toshkent xalqaro konferensiyasi boʻlib oʻtishini maʼlum qildi. Ushbu yirik tadbirga italiyalik ekspertlar ham taklif etildi.

Oʻz navbatida, Marko Richcheri Siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy tadqiqotlar institutining yaratilish tarixi va bugungi faoliyati haqida soʻzlab berdi. Taʼkidlandiki, institut 37 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan xususiy-notijorat tashkilot boʻlib, unda 700 dan ortiq ekspertlar ish yuritadi. Tadqiqotlarning asosiy qismi, yaʼni 80 foizi Yevropa Komissiyasi va 20 foizi xususiy investitsiyalar hisobiga moliyalashtiriladi.

Institut tomonidan shu kunga qadar chop etilgan tadqiqotlar hajmi 900 ming sahifadan ziyod. Shuningdek, yuzdan ziyod siyosiy va institutsional ekspert munozaralar tashkil etilgan. Ularning negizida matbuot arxivi tashkil qilingan boʻlib, unda soʻnggi 30 yil davomida chop etilgan 2 mln.dan ziyod maqolalarni  oʻz ichiga olgan 400 dan ortiq davriy va kundalik matbuot nashrlari saqlanmoqda.

E.Tulyakov, Marko Richcheri va Markaziy Osiyo boʻyicha ekspertlarga mamlakat ommaviy axborot vositalarida Oʻzbekiston va Italiya oʻrtasida olib borilgan ikkitomonlama tadqiqotlar natijalari hamda davlatlararo munosabatlarga oid maqolalar chop etishni taklif qildi. Ikki mamlakat oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirish istiqbollariga oid mavzular ham muhimligini qayd etdi. Shuningdek, Oʻzbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning turli sohalarida istiqbolli loyihalarni birgalikda hayotga tatbiq qilish hamda maslahat xizmatlarini koʻrsatishda koʻmaklashish maqsadida «Taraqqiyot strategiyasi» markazi tomonidan italiyalik ekspertlarni Oʻzbekistonga jalb qilish taklifi oʻrtaga tashlandi.

E.Tulyakovning taʼkidlashicha, Italiya kichik va oʻrta korxonalarda ishlab chiqarish tizimini modernizatsiyalash borasida tajriba almashish orqali Oʻzbekiston taraqqiyotiga oʻzining muhim hissasini qoʻshishi mumkin. Binobarin, Italiya iqtisodiyotining rivojlanish tajribasidan maʼlumki, birgina turizm sohasi uchun xalq isteʼmoli mahsulotlarini ishlab chiqarish salohiyatli, namunali tarzda yoʻlga qoʻyilgan. Shu bilan birga, mamlakatning yana boshqa koʻplab sohalardagi muvaffaqiyatli tajribasi asosida ikki mamlakat oʻrtasidagi jadal hamkorlik yaxshi natijalarga olib kelishi mumkin. Siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy tadqiqotlar instituti esa, bu borada eng yaxshi hamkor boʻlishi va mustahkam koʻprik vazifasini bajarishi mumkin.

Uchrashuv davomida tomonlar qonunchilikni isloh qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, turizm, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish kabi bir qator sohalarda hamkorlik qilish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirishning istiqbolli yoʻnalishlarini ham muhokama qildilar.

Faol hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, uni yanada mustahkamlash, kelajakda bu yoʻldagi tashabbus, loyisha va ish uslublarini сhuqurroq muhokama qilish maqsadida «Taraqqiyot strategiyasi» markazi bilan Siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy tadqiqotlar instituti oʻrtasida hamkorlik Memorandumi imzolandi.

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi Axborot xizmati