"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

ITALIYA ELCHIXONASIDA SAMARALI MULOQOT


«Taraqqiyot strategiyasi» markazi Ijrochi direktori Eldor Tulyakov boshchiligidagi delegatsiya Italiya safari davomida Oʻzbekiston Respublikasining Italiyadagi elchixonasida «Enrico Mattei ENI Foundation» (FEEM) jamgʻarmasining tadqiqotlarni muvofiqlashtirish boʻyicha direktori janob Filippo Tessari bilan uchrashdi.

Filippo Tessari mehmonlarni mamnuniyat bilan qarshi oldi. U oʻz boshqaruvidagi jamgʻarma haqida toʻxtaldi. Taʻkidlanishicha, kompaniya 1989-yilda tashkil qilingan. Tarkibida 9 ta filial mavjud. U notijorat tashkilot boʻlib, barqaror rivojlanish sohasida innovatsion izlanishlar bilan shugʻullanuvchi xalqaro tadqiqot va tahlil markazi sanaladi. Oʻzining tahliliy tadqiqotlari, siyosiy tavsiyalari, ilmiy maʻlumotlari va taʼlimni keng yoyish orqali davlat va xususiy sohalarda sifatli siyosiy qarorlar qabul qilishga koʻmaklashadi. Jamgʻarma oʻzining xalqaro tarmoqlari orqali tadqiqotlarini jahondagi eng nufuzli ilmiy muassasalar va tahlil markazlari  bilan birlashtiradi.

Uchrashuv davomida Eldor Tulyakov Markaz faoliyatining asosiy yoʻnalishlari, funksional vazifalari va amalga oshirilayotgan loyihalar haqida soʻzlab berdi.

Filippo Tessari Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning muvaffaqiyati, xususan, respublikani rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish boʻyicha olib borilayotgan islohotlar bilan tanishtirildi.

– Italiya Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan tub islohotlar, jumladan, Oʻzbekistonning Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni saqlash hamda mustahkamlash, mintaqani xavfsizlik hamda barqaror rivojlanish maydoniga aylantirishga qaratilgan siyosatini yuksak qadrlaydi, – dedi Filippo Tessari.

E.Tulyakov tomonidan aynan Harakatlar strategiyasi doirasida joriy yilning noyabr oyida boʻlib oʻtadigan, siyosiy doiralar, biznes vakillari, Markaziy Osiyo va bir qator Yevropa Ittifoqi mamlakatlari investorlarini birlashtiruvchi, ikki va koʻp tomonlama formatlarda qulay platforma boʻlib xizmat qiluvchi «Markaziy Osiyo – bizning umumiy uyimiz» Toshkent xalqaro konferensiyasi haqida berilgan maʼlumotlar italiyalik ekspertlarda katta qiziqish uygʼotdi. Markaz direktori mazkur konferensiyada ishtirok etish uchun italiyalik hamkasblarni taklif etdi.

Shuningdek, tomonlar iqtisodiyot, turizm va ijtimoiy sohani rivojlantirish va liberallashtirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlarini muhokama qildilar.

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi Axborot xizmati