"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

MADI PYANO MORTARI: KLASTER SIYOSATI KADRLAR VA IJTIMOIY SOHALARNI HAM BIRLASHTIRADI


Oʻzbekiston Respublikasining Italiyadagi elchixonasida yana bir qiziqarli uchrashuv  boʻlib oʻtdi. Unda «Taraqqiyot strategiyasi» markazi vakillari «European House – Ambrosetti» (TEH-A) Instituti maxsus tadbirlar boʻyicha direktori Madi Pyano Mortari xonim bilan shuhbatlashdi.

Madi Pyano Mortari xonimning taʼkidlashicha, «European House – Ambrosetti» (TEH-A) Instituti 1965-yilda tashkil topgan boʻlib, uning Italiya va xorij davlatlarida 5 ta vakolatxonasi bor. U Markaz sifatida kompaniyalarni kompleks, sinergetik boshqarishda qoʻllab-quvvatlashi bilan ajralib turadi. Bu koʻmak prognozlash, rejalashtirish, muvaffaqiyatga erishish va optimallashtirish kabi muhim yoʻnalishlarni oʻz ichiga oladi. Institut 50 yildan buyon Italiya tijorati bilan yaqindan hamkor va har yili mingdan ziyod mijozlarga oʻz maslahatlarini taqdim etib keladi. Bundan tashqari, Institut tomonidan har yili jahon boʻylab 10 mingdan ortiq boshqaruvchilarni qamrab oladigan tadbirlar oʻtkaziladi. Ularga 300 ta italiyalik hamda 300 tа xalqaro ekspertlar jalb etiladi. Institut xalqaro tashkilotlarnig yuqori darajadagi boshqaruv doiralarida, shuningdek, ayrim mamlakatlar darajasida faoliyat yuritadigan sohalarda eng yuqori darajaga ega xalqaro ekspertlar aloqalari tarmogʻini yaratmoqda. Pirovardida, Yevropada eng yaxshi oʻntalik va dunyodagi eng yaxshi yigirmatalik tarkibidan mustahkam joy olgan.

Uchrashuv davomida Oʻzbekistonda roʻy berayotgan iqtisodiy va siyosiy jarayonlarga doir keng koʻlamli masalalar yuzasidan amaliy fikrlar almashindi.

Madi Pyano Mortari xonim jahon amaliyotida beshinchi va oltinchi texnologik yoʻllarga oʻtish uchun ishlab chiqariladigan mahsulotlar raqobatbardosh va innovatsion talablarga javob berishi lozimligini, bunga, asosan ishlab chiqarish bilan emas, balki iqtisodiyotni klasterlash bilan erishilishini eʼtirof qildi. Klaster siyosati, oʻz navbatida, nafaqat sohaviy hamda mintaqaviy, balki investitsiya, kadrlar va ijtimoiy sohalarni ham birlashtiradi. Yaʼni, klaster yondashuvi davlat va mintaqaviy boshqaruviga qoʻshimcha vosita emas, balki mavjud vositalardan samarali foydalanishning yangi usuli hisoblanadi. Bunday holatda, ayrim korxonalarni qoʻllab-quvvatlashdan tortib, to xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻrtasidagi munosabatlarni rivojlantirishgacha boʻlgan sanoat siyosatining mazmun-mohiyati oʻzgaradi.

Madi Pyano Mortari xonim 2019-yil Oʻzbekistonda «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» deb eʼlon qilingani munosabati bilan qabul qilingan davlat Dasturi doirasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar Oʻzbekiston va Italiya oʻrtasidagi ijtimoiy va iqtisodiy hayotning barcha jabhalarida oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishini mamnuniyat bilan eʼtirof etdi. Shu munosabat bilan, u «Taraqqiyot strategiyasi» markazi va «European House – Ambrosetti» (TEH-A) Instituti oʻrtasidagi munosabatlarning yanada rivoj topishiga umid bildirdi va ikkitomonlama memorandum imzolash imkoniyatlarini koʻrib chiqishni taklif etdi.

 «Taraqqiyot strategiyasi» markazi Axborot xizmati