"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

«TARAQQIYOT STRATEGIYASI» MARKAZI VAKILLARI «ECOMONDO» XALQARO KOʻRGAZMASIGA TAKLIF ETILDI

Italiyaning Barqaror rivojlanish jamgʻarmasi «Taraqqiyot strategiyasi» markazi delegatsiyasining navbatdagi uchrashuvlariga mezbonlik qildi. Bu yerda tadqiqotchi va ekspertlar Alessandro Bailo Modesti va Juzeppo Donaro bilan muloqotlar oʻtkazildi.

Barqaror rivojlanish jamgʻarmasi faoliyatining asosini turli xil tadqiqotlar, ilmiy bilimlarni rivojlantirish va keng yoyish, barqaror rivojlanishni taʼminlaydigan ish uslublari va texnologik yechimlar tashkil etadi. Jamgʻarma ijtimoiy, iqtisodiy va texnologik rivojlanishni taʼminlashda zarur boʻlgan, xalqaro miqyosda eʼtirof etilgan muhim tamoyillarni tayyorlaydi va ommalashtiradi. Taʼlim, texnik-ilmiy ishlanmalar hamda tadqiqotlar jamgʻarma faoliyatining asosiy yoʻnalishlari sanaladi.

Muloqot davomida italiyalik  ekspertlar tomonidan muhim masalalarga eʼtibor qaratildi. Taʼkidlandiki, Oʻzbekiston Respublikasi milliy iqtisodiyotining barcha tarmoqlari yangi  strategik rivojlanishga oʻtishi jarayonida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, qishloq aholisining farovonligini oshirishda  barqarorlikni saqlash manbayi sifatida qishloq xoʻjaligi muhim oʻrin tutadi. Shundan kelib chiqib, tegishli moliyaviy mablagʻga bogʻliq ishlab chiqarish masalasini jadallik bilan hal qilmay turib, klasterni rivojlantirib boʻlmasligi qayd etildi. Zamonaviy texnologik talablar asosida jihozlangan kichik xususiy korxonalarni tashkil qilish, shu asosda Yevropa Ittifoqi hududida xaridorgir boʻlgan ekologik toza mahsulotlarning turini kengaytirish hamda sifatini oshirish zarur. Shuningdek, turizm sohasida ham oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish mumkin.

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi rahbari bildirilgan takliflardan kelib chiqib, italiyalik tadqiqotchilar, axborot-tahlil, taʼlim muassasalari hamda ekspertlar bilan turli sohalarda hamkorlikni  yoʻlga qoʻyish ayni muddao ekanligini maʼlum qildi.

Oʻz navbatida, italiya tomoni Markaziy Osiyo mintaqasini yanada barqaror, farovon qilish yoʻlida bu yerdagi hamkorlar bilan oʻzaro aloqalarni mustahkamlashga intilayotganini taʼkidladi.

Barqaror rivojlanish jamgʻarmasi ekspertlari «Taraqqiyot strategiyasi» markazi vakillarini joriy yilning 5–8-noyabr kunlari Italiyaning Rimini shahrida boʻlib oʻtadigan «Ecomondo» xalqaro koʻrgazmasida ishtirok etish uchun taklif etishdi. Koʻrgazma doirasida chiqindilarsiz iqtisodiyotning zamonaviy modellari boʻyicha seminar va konferensiyalar oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Ushbu tashrif davomida zarur tijoriy aloqalarni yoʻlga qoʻyish hamda 2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasining bugungi kundagi natijalari bilan xalqaro hamjamiyatni kengroq tanishtirish, shuningdek, Oʻzbekiston-2030 strategiyasi loyihasini tayyorlashda Yevropa Ittifoqining bir qator yetakchi «aql markazlari» vakillari, xalqaro ekspertlardan turizm, ekologiya va barqaror rivojlanish masalalari boʻyicha zarur maslahatlar olish imloni paydo boʻladi.

Shuningdek, «Ecomondo» konferensiyasi doirasida Barqaror rivojlanish jamgʻarmasi va «Taraqqiyot strategiyasi» markazi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolanishiga kelishib olindi.

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi Axborot xizmati