• О'zbek
"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
O‘ZBEKISTON – YOSHLAR MAMLAKATI
79328 | 24 Iyl. 2022 y.

 

 

 

Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo‘lib kamolga yetishi bilan bogliq. Bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratishdan iborat.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning

BМТ Bosh Assambleyasining

72-sessiyasida so‘zlagan nutqidan

 

 


O‘ZBEKISTON – YOSHLAR MAMLAKATI

Har qanday davlatning tarixiy taraqqiyot yo‘lidan ma’lumki, yurtning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon bo‘lishi o‘sha davlatda yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e’tibor darajasiga bog‘liq. Shu ma’noda, O‘zbekistonda  yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Mamlakatda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratib berish borasida mustahkam huquqiy baza yaratilgan va bu tizim zamon talablariga hamohang ravishda takomillashtirib borilmoqda. Hususan, bugungacha parlament tomonidan yoshlarga oid 40 dan ziyod qonun hujjatlari qabul qilingan bo‘lib, 30 dan ortiq xaqlaro huquqiy hujjatlar ratifikatsiya qilingan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ayni davrda insoniyat tarixidagi eng ko‘p  yoshlar qatlami bilan yashayotganimizni inobatga olgan holda BМТ minbarida Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi  BМТ konvensiyasini qabul qilish taklifi ilgari surilgani ham xalqaro hamjamiyat tomonidan iliq qarshilandi. O‘zbekiston rahbari bunga asos qilib, bugun dunyo miqyosida yoshlarning soni ikki milliarddan ortib ketgani, xaqlaro terrorizm va ekstremizm shiddat bilan o‘sib borayotgan bir paytda yoshlarga himoya zarurligini muhim omillar sifatida asoslab berdi.

Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sifatida birinchi imzolagan qonun hujjati – 2016-yil 14-sentabrdagi «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi Qonun ekanida ham ramziy mazmun-mohiyat mujassam. Binobarin, aholisining yarmidan ko‘prog‘i yoshlardan iborat bo‘lgan mamlakatda yoshlarga oid davlat siyosatini izchil amalga oshirish, yosh avlodni har tomonlama yetuk va barkamol, intellektual salohiyatli, o‘z qat’iy pozitsiyasiga ega, yurtda amalga  oshirilayotgan islohotlarga befarq bo‘lmagan, yurtning ertangi munosib kelajagi uchun daxldorlikka tayyor, maqsadga intiluvchan, serg‘ayrat, vatanparvar, sadoqatli, komil shaxslar sifatida tarbiyalash O‘zbekistonni dunyoning eng rivojlangan davlatlari safidan o‘rin olishining muhim omili ekanini mamlakat rahbari va hukumat yaxshi anglaydi.

Alohida ta’kidlash joiz, «2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi»da ham bu masala alohida o‘z aksini topdi. Jumladan, yoshlarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan quyidagi ustuvor vazifalar belgilandi:

birinchidan, jismonan sog‘lom, ruhan va aqlan rivojlangan, mustaqil fikrlaydigan, Vatanga sodiq, qat’iy hayotiy nuqtayi nazarga ega yoshlarni tarbiyalash, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonida ularning ijtimoiy faolligini oshirish;

ikkinchidan, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirish hamda xususiy tadbirkorlik sohasiga jalb etish;

uchinchidan, yosh avlodning ijodiy va intellektual salohiyatini qo‘llab-quvvatlash va ro‘yobga chiqarish, bolalar va yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, ularni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish.

O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2018-yil 27-iyunda imzolangan «Yoshlar – kelajagimiz» Davlat dasturi to‘g‘risida»gi Farmon bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan muhim hujjat bo‘ldi. Farmon bilan «Yoshlar – kelajagimiz» jamg‘armasi tashkil etildi va ushbu jamg‘arma yoshlarning bisnes tashabbuslari, startaplari, g‘oyalari va loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banklari orqali yillik 7 foiz stavka bilan imtiyozli kredit va mol-mulkni lizingga berishi belgilab qo‘yildi. Ushbu hujjatga e’tibor qaratilsa, yoshlar tadbirkorligi va tashabbuskorligini kompleks rivojlantirish vazifalari aniq va tizimli belgilanganligini ko‘rish mumkin.

O‘z navbatida, O‘zbekistondagi barcha o‘zgarishlarning negizi hisoblangan ta’lim-tarbiya tizimida ham tub islohotlar olib borilmoqda. Ayni vaqtda ta’lim, shu jumladan, ijtimoiy soha uchun xarajatlar miqdori davlat byudjeti xarajatlar umumiy qiymatining yarmidan ko‘prog‘ini tashkil etmoqda. Tabiiyki, har qanday davlat ham bunday katta xarajatlarni ko‘tara olmaydi, ammo qanchalik og‘ir bo‘lmasin, buning uchun zarur mablag‘ va resusrlar izlab topilmoqda.

O‘zbekiston rahbari mazkur xarajatlarni xarajat emas, balki kelajak uchun qo‘yilgan eng samarali sarmoya deb hisoblab, ta’lim darajasi va sifati har qanday davlatning istiqbolini belgilab beradigan muhim omil ekanini ta’kidlamoqda. Haqiqatan ham, islohotlarning taqdiri, natijasi, birinchi navbatda, kadrlar saviyasiga, ularning davr va taraqqiyot talablariga nechog‘li javob bera olishiga bog‘liq.

Shu maqsadda, mamlakatda Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etildi, maktab ta’lim tizimi tubdan isloh qilinib, 11 yillik umumiy o‘rta ta’lim qayta joriy etildi. Viloyatlarda yangi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy va ijodiy markazlar tashkil etilmoqda. Oliy o‘quv yurtlariga qabul kvotalari sezilarli darajada  kengaytirildi. Sirtqi va  kechki oliy ta’lim shakllari tiklandi. Keying ikki yil ichida 15 dan ortiq rivojlangan davlatlarning nufuzli universitetlari filiallari ochildi.

Muxtasar aytganda, O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati aniq maqsadlarni ko‘zlagan holda, bosqichma-bosqich, kompleks chora-tadbirlarga asoslangan holda izchil davom ettirilmoqda.

Bu borada Shavkat Mirziyoyev tomonidan ijtomoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi sa’y-harakatlarni tizimli asosda yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 5 ta muhim tasabbusning ilgari surilishi O‘zbekiston tarixida yoshlar ta’lim-tarbiyasi bo‘yicha yana bir yangi bosqichni boshlab berdi.

Birinchi  tashabbus – yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirishga, iste’dodini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi.

Ikkinchi tashabbus – yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga yo‘naltirilgan.

Uchinchi tashabbus – aholi va ва yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan  samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan.

To‘rtinchi tashabbus – yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishga yo‘naltirilgan.

Beshinchi tashabbus – xotin-qizlarni ish bilan ta‘minlash masalalarini nazarda tutadi.

Davlat rahbarining bu ezgu g‘oyasi O‘zbekiston xalqi, ayniqsa, yoshlari tomonidan katta qiziqish  bilan qarshi olinib, qisqa vaqt ichida mamlakat bo‘ylab keng quloch yozdi.

Kelgusida real hayotga keng joriy etiladigan ushbu besh tashabbusga ko‘ra, hududlardagi madaniyat markazlari, musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnik bazasi va ulardan foydalanish holati keskin yaxshilandi, yoshlarning qiziqishidan kelib chiqib, qo‘shimcha yana 1,5 mingta to‘garak tashkil etiladi. Hatto eng chekka qishloqlardagi madaniyat markazlarida ham badiiy-havaskorlik jamoalari, yoshlar teatr-studiyalari va «Yoshlar klublari» faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, mamlakat miqyosidagi 12 mingdan ziyod sport inshootiga yoshlarni maksimal darajada qamrab olish choralari ko‘rilib, barcha umumta’lim maktablari sport anjomlari bilan to‘liq jihozlanadi. Shu bilan birga, olis va chekka hududlarda yengil konstruksiyali sendvich panellardan kichik sport zallari va sun’iy qoplamali maydonlar quriladi. Bolalar va  o‘smirlar sport maktablari soni yanada ko‘paytiriladi.

Yoshlarni internetdagi zararli xurujlardan asrash, ularni axborot texnologiyalaridan unumli foydalanishga o‘rgatish masalalari bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribalar asosida barcha hududlarda Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari tashkil etiladi. Bu maskanlarda elektron tijorat va dasturlash bepul o‘rgatiladi, axborot texnologiyalari sohasida bisnes bo‘yicha innovatsion ko‘nikmalar shakllantiriladi, «startap» loyihalarga yordam ko‘rsatiladi. Shuningdek, 2021-yilgacha barcha maktablardagi kompyuter sinflarini zamonaviy texnologiyalar va yuqori tezlikdagi internet tarmog‘i bilan ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, bosqichama-bosqich amalga osiriladi. Yangi tashkil etiladigan kompyuter o‘yinlari markazlari yosh avlodning bilim va dunyoqarashini kengaytirishga qaratilgan test, viktorina, rivojlanish strategiyalari va boshqa foydali dasturlar bilan ta’minlanadi.

Yoshlarda kitobxonlik ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida, yangi tashabbus doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarga 1 million nusxadan kam bo‘magan miqdorda kitoblar yetkazib berildi. Shuning barobarida, har bir shahar va tuman markazida bittadan namunali kitob do‘koni tashkil etiladi, ko‘chma kitob pavilyonlari joylashtirilib, «Bibliobus»lar orqali qishloq va ovullar aholisiga kutubxona xizmatlari ko‘rsatib boriladi.

Xotin-qizlarni ish bilan  ta’minlash maqsadida 2019–2020-yillarda barcha tumanlarda 195 ta tikuv-trikotaj korxonasi barpo etish  uchun aholi zich yashaydigan, mehnat resurslari ko‘p joylar tanlab olindi. Natijada 24 mingdan ortiq doimiy ish o‘rni yaratish nazarda tutilgan.

Umuman, yoshlarning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, yetuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishi yo‘lida zamonaviy, ilg‘or-innovatsion shart-sharoitlarni yaratib berish uchun O‘zbekiston bor kuch va imkoniyatlarini ishga solmoqda. Chunki yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ma’naviy yetuk, jismonan sog‘lom, vatanparvar va fidoyi etib tarbiyalash, huquq hamda manfaatlarini himoya qilishga e’tibor qancha kuchaytirilsa, unung samarasi ham shuncha yuqori bo‘ladi. Shu bois O‘zbekiston jamiyatning faol qatlami sifatida e’tirof etiluvchi  yoshlar qatlamiga «muammo» deb emas, balki yurt ravnaqini ta’minlovchi katta kuch, davlatning strategik resursi sifatida qaramoqda. Natijada bugun yuksak bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, qat’iy pozitsiyaga ega yoshlar mamlakatning ertangi taraqqiyotida tobora hal qiluvchi kuchga aylanib boryapti.

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi
 



195
Похожие новости