"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

DAVLAT DASTURINING IJROSI TANQIDIY RUHDA KO‘RIB CHIQILDI


Davlat dasturida belgilangan ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini 2019-yil birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan Komissiya majlisi bo‘lib o‘tdi.

Uni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Komissiya raisi Sodiq Safoyev olib bordi.

Majlisda Komissiya a’zolari, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi vakillari, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari, BMTning Bolalar jamg‘armasi – YUNISEF xodimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor maqsadlariga to‘liq erishishni ta’minlaydigan chora-tadbirlar tizimidan iborat. Uning doirasida mamlakatimiz taraqqiyoti va yurt farovonligiga oid keng ko‘lamli vazifalar hal qilinmoqda. Shu bois Dasturning har bir bandi to‘liq ro‘yobga chiqarilishiga erishish, buning uchun, ayniqsa parlament va jamoatchilik nazorati mexanizmlaridan keng foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, Dasturda ijtimoiy sohani rivojlantirish yo‘nalishlarida 100 ta band belgilangan bo‘lib, ikkinchi chorakda yigirmata banddagi topshiriqlarni bajarish ko‘zda tutilgan.

Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha Komissiya huzuridagi monitoring guruhi tomonidan o‘rganishlar o‘tkazildi. Ma’lum bo‘ldiki, Davlat dasturida ijrosi birinchi va ikkinchi choraklarda ta’minlanishi belgilangan o‘nta banddagi topshiriqlar hamon bajarilmagan. Shuningdek, ijrosi yil davomida bajarilishi belgilangan oltita banddagi vazifalar yuzasidan olib borilayotgan ishlarda sustkashlikka yo‘l qo‘yilmoda.

Xususan, Dasturning tegishli bandida 2019-yil 1-iyunga qadar keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining boshqa ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va ularga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish sohasida maxsus vakolatli davlat organini tashkil etish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasi tayyorlanishi belgilangan. Ammo mazkur vazifa bajarilmaganligi majlisda alohida qayd etildi.

 Shuningdek, Dasturning tegishli bandida 2019-yilning 1-mayiga qadar aholiga ko‘rsatilayotgan onkologik tibbiy xizmat sifatini oshirish va profilaktik tadbirlar qamrovini kengaytirish yuzasidan normativ-huquqiy hujjat loyihasi tayyorlanib, qabul qilinishi belgilangan. Biroq shu kunga qadar mazkur topshiriq ijrosi ta’minlanmagan. Bundan tashqari, Dasturda 2019-yil 15-fevralga qadar Sanitariya-epidemiologiya xizmatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar yuzasidan normativ-huquqiy hujjat loyihasi tayyorlanishi begilangan. Shu kunga qadar mazkur topshiriq ham oxirigacha bajarilmaganligi so‘zga chiqqanlar tomonidan qayd etildi.

Majlisda alohida urg‘u berilgan yana bir masala – Davlat dasturida belgilangan yoshlar siyosatiga oid topshiriqlar ijrosi bo‘ldi. Ta’kidlanganidek, Dasturning 231-bandida «Yoshlar – kelajagimiz» Davlat dasturi doirasida yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini ta’minlash ko‘zda tutilgan va bu maqsadga yil davomida 2 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilishi belgilanib, 50 mingdan ortiq yoshlarni ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan. 2019-yilning 1-avgust holatiga 1555 ta loyihaga 333,2 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Bu ko‘rsatkich Dastur ijrosi bor yo‘g‘i 15 foizga bajarilganini anglatadi.

 Muhokama chog‘ida bu borada o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar alohida ko‘rib chiqilib, mutasaddi vazirlik va idoralarning e’tibori ularni bartaraf etishga qaratildi.

Majlisda ijtimoiy sohani rivojlantirishdagi bu va boshqa kamchiliklar keskin tanqid ostiga olinib, ularning sabablari atroflicha tahlil etildi. Ularni barataraf etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.

Shuningdek, tadbirda O‘zbekistondagi perinatal tizimini va tibbiy xizmat sifatini yaxshilash bo‘yicha UNISEF takliflari xususida ma’lumot berildi. Ularni amaliyotga tatbiq etish imkoniyatlari va yo‘llari ko‘rib chiqildi.

Muhokama yakuni bo‘yicha Komissiyaning tegishli qarori qabul qilindi. Unda «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» Davlat dasturida belgilangan ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari o‘z vaqtida ijro etilishi, mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish, vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining mas’uliyatini oshirish hamda bu borada parlament, deputatlar va jamoat nazorati mexanizmlaridan samarali foydalanishga qaratilgan aniq vazifalar belgilab qo‘yildi.