"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

JAMOATCHILIK.UZ: TAKLIFLAR KOʻP. ENDI-CHI?


Ma’lumki, joriy yilning 6-avgust kuni «Taraqqiyot strategiyasi» markazi va «Yuksalish» umummilliy harakatining qoʻshma loyihasi – «jamoatchilik.uz» onlayn platformasi ishga tushirilgan edi.

Ayni paytda qadar ushbu platformaga yuborilgan takliflar soni qariyib 500 tani tashkil etmoqda. Fuqarolarning davlat va jamiyat hayotini yanada yaxshilash, islohotlarga e’tibor bilan yondashish istagini kelib tushayotgan takliflar, bildirilayotgan fikrlar yaqqol koʻrsatib turibdi. Ularning aksariyati oʻzida muayyan muammo va uning yechimi borasida aniq yondashuvni aks ettiradi. Galdagi vazifa esa, muhokamalar jarayonida oʻrtaga tashlangan takliflarni yanada boyitib, tegishli tartibda amaliyotga tatbiq etish choralarini koʻrishdan iborat. Zero, takliflar qimmati ularni amaliyotga toʻgʻri tatbiq etish, buning ortidan insonlar turmushi yaxshi tarafga oʻzgarib, islohotlar hayotiyligi ta’minlanishidadir. Shundan kelib chiqib, fuqarolarning kuyunchakligi va e’tiborini toʻgʻri e’tirof etish va puxta oʻylangan takliflar faqatgina hisobotlarda qolib ketishining oldini olish tashkilotchilar uchun ayni paytda bosh maqsadga aylangan. Binobarin, platforma faoliyati haftalik tahlil qilinib, oraliq natijalar boʻyicha jamoatchilik xabardor etib borilishiga oid vazifa ham ana shu mas’uliyat mahsulidir.

Bugun ushbu portalda bildirilgan takliflar tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida ilk bor muhokama qilindi. Unda «Taraqqiyot strategiyasi» markazi rahbari va xodimlari ham ishtirok etishda.

Fuqarolar tomonidan bildirilgan hech bir taklif e’tibordan chetda qolmadi. Har bir masala boʻyicha tegishli vazirlik va idoralarning mas’ullari hamda vakolatli vakillari oʻz fikrlarini, munosabatini bildirishdi.

Eldor Tulyakov, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi Ijrochi direktori:

– Darhaqiqat, «Jamoatchilik» onlayn-platformasiga 6 kunda 500 ga yaqin takliflar kelib tushdi. Bu raqamning oʻzi fuqarolarning ushbu xalq istak-xohishlari va takliflarini oʻrganadigan yangi instrumentning haqiqatdan ham samarali ishlashiga ishonch emas, umidning borligini bildiradi. Demak, fuqarolar davlat boshqaruvida, ishlab chiqilayotgan qonun hujjatlarida faol ishtirok etishni istashadi. Lekin, bu takliflar faqatgina qogʻozlarda qolib ketadigan boʻlsa, biz juda koʻp narsa yoʻqotamiz.

Ma’lumki, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi hamda «Yuksalish» umummilliy harakati – jamoatchilik tashkilotlari hisoblanadi, davlat tashkiloti emas. Balki shuning uchun ham «Jamoatchilik» onlayn-platformasiga fuqarolarning qiziqishlari kattadir. Ushbu jihatga urgʻu berayotganimning sababi bizga kelib tushgan takliflardan biri boʻldi. Unda shunday deyilgan: «Harakatlar strategiyasi» qabul qilinganidan buyon qancha muddat oʻtganiga qaramay, hamon koʻplab davlat organlariga murojaatlar e’tiborsiz qolib ketyapti. Taklifim shunday: agar davlat tashkiloti belgilangan muddatda fuqaro murojaatiga javob bermasa, bu «sukut- rozilik sifatida qabul qilinsin», yani sukut alomati rizo. Shuning uchun ham tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar vakillariga biz tomonimizda sohalar boʻyicha taqsimlangan murojaatlarning hech birini e’tibordan chetda qoldirmagan holda koʻrib chiqishlarini soʻraymiz.

Yana bir jihat bor, koʻtarilayotgan barcha takliflar munozarali, ularni soatlab tahlil qilish mumkin. Shuning uchun endilikda biz bu kabi muhokamalarni yoʻnalishlar boʻyicha olib borishga va pirovardida, muammoning aniq va tugal yechimini topishga harakat qilamiz. Chinki ba’zi takliflar 2 va undan ortiq davlat organlari bilan birgalikda oʻrganishni talab etadi. Alohida, hamma oʻz bilganicha ishlaganda samara boʻlmasligi tabiiy. Bugun oʻtkazilgan tadbirimiz hali boshlanishi. Oʻylaymanki, bundan keyin taklif mualliflari yanada faol ishtirok etib, oʻz pozitsiyalarini himoya qilishadi. Ana shundagina biz erkin muloqot maydonini yaratgan boʻlamiz.

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi Ахborot xizmati