• О'zbek
"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

MOLIYA VAZIRLIGI BILAN HAMKORLIKNING YANGI SAHIFASI


«Taraqqiyot strategiyasi» markazi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamkorligida Vatanimiz mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan, «Mustaqillik – yoshlar taqdirida» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Unda «Taraqqiyot strategiyasi» markazi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi mas’ul xodimlari va yosh mutaxassislar, OAV vakillari qatnashdi.

Tadbirni «Taraqqiyot strategiyasi» markazi rahbari Eldor Tulyakov ochdi va olib bordi.

U o‘zining kirish so‘zida har qanday yurtning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon bo‘lishi o‘sha davlatda yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e’tibor darajasiga chambarchas bog‘liq ekaniga alohida e’tibor qaratib, O‘zbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanishi zamirida ushbu tarixiy haqiqat yotganini ta’kidladi.

Parlament tomonidan yoshlarga oid 40 dan ziyod qonun hujjatlari qabul qilinib, 30 dan ortiq xalqaro huquqiy hujjatlar ratifikatsiya qilingani o‘sib kelayotgan avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashning mustahkam huquqiy asosi yaratilganidan dalolatligi qayd etildi.

Shuningdek, tadbirning kirish qismida Moliya vazirining o‘rinbosari Sh.Sharaxmetov ham so‘zga chiqdi.

Davra suhbatida so‘nggi yillarda hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar xususida atroflicha fikr almashildi. Jumladan, markaz mutaxassislari tomonidan «2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi»da ushbu yo‘nalishda belgalingan vazifalar va ularning ijrosi xususida batafsil ma’lumot berildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2018-yil 27-iyunda imzolangan «Yoshlar – kelajagimiz» Davlat dasturi to‘g‘risida»gi Farmon asosida amalga oshirilayotgan loyihalarga ham alohida e’tibor qaratildi.

Prezident tomonidan ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi sa’y-harakatlarni tizimli asosda yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusning ilgari surilishi O‘zbekiston tarixida yoshlar ta’lim-tarbiyasi bo‘yicha tamomila yangi bosqichni boshlab bergani ishtirokchilar diqqat markazida bo‘ldi.

Davra suhbatida ishtirok etgan yoshlar bugungi kundagi e’tibor ularning imkoniyatlarini oshirib, davlat va jamiyat ravnaqiga munosib hissa qo‘shishga zamin yaratayotganini qayd etishdi. Faqatgina ulardan to‘g‘ri foydalanish, izlanish va intilish kifoya. Ishtirokchilar yoshlarning faolligini yanada oshirish borasida ham bildirilgan takliflarni muhokama qildilar.

Tadbir so‘nggida «Taraqqiyot strategiyasi» markazi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi o‘rtasida memorandum imzolandi.

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi Axborot xizmati