"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

IMPORTNI CHEKLASH – MILLIY IQTISODIYOTNING RIVOJLANISHINI CHEKLASHDIR


2019-yil 22-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida parlament yuqori palatasi qo‘mitalarining majlislari bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabariga ko‘ra, Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi majlisida import qilinayotgan mahsulotlar hajmi va unga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash, import mahsulotlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida Iqtisodiyot va sanoat vazirligining hisoboti eshitilgan.

Hisobotga ko‘ra, ayrim vazirlik va idoralar, hududiy korxonalar, jismoniy shaxslar tomonidan Mahalliylashtirish dasturi doirasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga o‘xshash tovarlar va asosiy faoliyatiga xos bo‘lmagan tovarlar importini amalga oshirish davom etmoqda. Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida 878,8 million dollarga teng bo‘lgan o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan tovarlar import qilingan. Jumladan, «O‘zavtosanoat» AJ, «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi, «O‘zmetkombinat» AJ, «O‘zeltexsanoat» AJ, «O‘zcharmsanoat» uyushmasi, Olmaliq KMK tomonidan respublikamizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga o‘xshash tovarlar importi amalga oshirilgan.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi import qilinayotgan Mahalliylashtirish dasturi doirasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga o‘xshash tovarlar va asosiy faoliyatiga xos bo‘lmagan tovarlarni qanday aniqlagan?

Millionlab olib kirilayotgan tovarlarning har biri, Mahalliylashtirish dasturi doirasida ishlab chiqarilayotgan mahsulot texnik xarakteristikasi bilan import qilinayotgan o‘xshash tovarning xarakteristikasi va standartlari birma-bir solishtirilganmi? Yoki har bir tovarda laboratoriya solishtirish sinovlarini o‘tkazganmi? Tabiiyki, yo‘q. Bunday qilishning umuman fizik jihatdan imkoni ham yo‘q.

Tajribadan ma’lumki, vazirlik import qilinayotgan tovarlarni tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasi kodi orqali ajratib, mahalliy ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar kodi bilan solishtiradi.

Bu birinchidan, yuqoridagi tahlil va tanqid o‘ta iqtisodiy saviyasizlik bilan amalga oshirilganligini bildiradi. Agar, deylik, TIF tovarlar nomenklaturasi kodi 10 ta belgigacha aniqlikda solishtirilganda ham ularni bir xil tovar deya olmaymiz, toki ushbu tovarlarni tegishli standartlarini solishtirmaguncha yoki laboratoriya sinovlarini o‘tkazmaguncha. Misol uchun, yurtimizda ishlab chiqarilayotgan yoritgich (lampochka) bilan, gaz plitalarini duxovkasiga ishlatiladigan o‘tga chidamli yoritgich (lampochka)larni qanday qilib bir xil tovar deb qabul qilib, uni importini cheklash mumkinmi?

Umuman, qachongacha «ibtidoiy» usulda importni cheklash orqali iqtisodiyotni rivojlanishini «bo‘g‘amiz». Nimaga, import qilayotgan korxona davlatga bu bir xil tovar emasligini isbotlash uchun qo‘shimcha vaqt va qo‘shimcha mablag‘ sarflab, ekspertiza qildirishi kerak? Ularning ushbu jarayon orqali paydo bo‘ladigan moliyaviy-iqtisodiy zararini kim qoplab beradi? Tadbirkorlik subyektlarini erkin ishlashini ta’minlay olishni eplamayotgan bo‘lsak, hech bo‘lmasa ularning faoliyatiga xalaqit bermaslikni iloji yo‘qmi?

Xorijiy davlatlarda tadbirkorlik subyektlariga biron-bir soliq yoki statistika hisobotini topshirish kerakligi to‘g‘risidagi ularga yo‘llangan xat jo‘natilsa, ularning moliyaviy faoliyatiga zarar yetkazmaslik uchun ularning javob yozib jo‘natishiga ham pul to‘langan bo‘ladi. Bizda esa nimaga tadbirkor hisobot topshirish uchun yoki boshqa ishni bitirish uchun ayrim hollarda 250-300 kilometr yo‘l bosib tuman markaziga o‘z mablag‘i hisobidan kelib ketishi kerak?

Qaysi tovarni import qilish, qaysi tovarni import qilmaslikni bozorning o‘zi belgilab berishi kerak emasmi? Bozor iqtisodiyoti qonuniyatlariga qachongacha qarshi boramiz? Qachon iqtisodiyotni erkinlashtiramiz, bozor iqtisodiyotiga byurokratik to‘siqlar va davlat aralashuvini qachon to‘xtatamiz?

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bunday «ibtidoiy» usuldagi, saviyasiz tahlillarni olib borishi o‘rniga, har bir soha va tarmoq bo‘yicha, ya’ni bu avtosanoat sohasi bo‘ladimi yoki to‘qimachilik sanoatimi, umuman barcha tarmoq bo‘yicha alohida chuqur iqtisodiy tahlil va tadqiqot olib borib, kerakli yechim va chora-tadbirlar ishlab chiqishi muhimroq emasmi? Agar, bu borada vazirlikda yetarli saviya va tajriba bo‘lmasa, dunyodagi yuqori reytinglarga ega konsalting kompaniyalarini jalb qilish lozim deb hisoblaymiz.

Bunda avvalambor, mavjud holat, infrastruktura va salohiyat chuqur tahlil qilinishi va keyingi navbatda esa har bir tarmoqda qanday mahsulotlar import qilinayotganligi, ularning narxlari, tannarx tarkibi, transport, logistika va boshqalar chuqur tahlil qilinishi va undan keyingina kerakli tadbirlarni amalga oshirishi lozim. Demoqchimizki, biz qaysidir tovarni sun’iy ravishda cheklab turishimiz bilan mamlakatimizda ishlab chiqarish uchun har tomonlama «nomuvofiq» bo‘lgan tovarni kirib kelishining oldini ololmaymiz, aksincha bu bilan ma’lum muddat iqtisodiyotni rivojlanishini to‘xtatib turamiz, xolos.

Shuningdek, Oliy Majlis Senatining axborot xizmati xabarida yana aytilishicha, «import hajmining mahsulotlar kesimidagi tahlili tashqi savdoni tarif va notarif boshqarishga ehtiyoj oshib borayotganligini ko‘rsatmoqda».

Shu o‘rinda, xorijiy amaliyotga ko‘ra, importni cheklash, tashqi savdoni tarif va notarif boshqarish, qanday salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida to‘xtalib o‘tmoqchimiz.

Birinchidan, importni cheklash va tashqi savdoni tarif va notarif boshqarish raqobati cheklangan savdo, sanoat va moliya tarmoqlarida ichki monopoliyalarning paydo bo‘lishi va ularni qo‘llab-quvvatlanishi uchun qulay sharoit yaratadi.

Ikkinchidan, ushbu jarayon iqtisodiy o‘sishni sekinlashtiradi. Sababi, yuqori tariflar tashqi savdoning pasayishiga olib keladi, bu esa global iqtisodiyot va mamlakat farovonligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish mamlakatning o‘z-o‘zini yakkalanishiga, zamondan orqada qolgan, qimmat ishlab chiqarishning saqlanib qolishiga olib keladi. Mamlakatning turli sohalarda ixtisoslashuvining shakllanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Erkin savdo – har bir mamlakat o‘zining turli xil salohiyatlarini (masalan, geografik) to‘liq anglab etgan holda, eng kam xarajatli va raqobatbardosh sanoatni ajratib olish va rivojlantirish imkoniyatiga ega. Importni cheklash va tashqi savdoni tarif va notarif boshqarish bunga yo‘l qo‘ymaydi, ya’ni ichki bozorning xilma-xil ehtiyojlarini qondirish uchun resurslarni samarali va samarasiz tarmoqlar o‘rtasida qayta taqsimlash zarur bo‘lib qoladi.

Uchinchidan, importni cheklash va tashqi savdoni tarif va notarif boshqarish narxlarning pasayishiga yordam bermaydi. Yuqori tariflar tufayli import qilinadigan mahsulotlar qimmatlashadi. Narxlarning umumiy tarzda, ommaviy tusda o‘sishiga olib keladi. Yuqori tariflar iste’molchilar mahalliy mahsulotlarni yuqori narxlarda sotib olishlariga olib keladi, chunki importni cheklash xarajatlarning pasayishiga va shu bilan bir qatorda narxning pasayishiga olib kelmaydi. Pirovardida, narxlarni oshirishdan manfaatdor bo‘lgan milliy monopoliyalar qo‘llab-quvvatlanadi.

To‘rtinchidan, importni cheklash va tashqi savdoni tarif va notarif boshqarish – bevosita va bilvosita mamlakatning eksport salohiyatini kamaytiradi. Eksport qilinadigan tovarlar, o‘z navbatida import qilinadigan tarkibiy qismlarni o‘z ichiga oladi va yuqori tariflar ishlab chiqarish xarajatlarining oshishiga olib keladi. Bu esa narxlarning oshishiga, milliy tovarlarning raqobatbardoshligining pasayishiga olib keladi.

Beshinchidan, tariflarning bir tomonlama joriy etilishi, ko‘pincha, xalqaro amaliyotda savdo urushlariga va xalqaro savdoning pasayishiga olib keladi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni raqobatchilardan arzon mahsulotlar oqimidan himoya qilish uchun bir tomonlama tartibda import tarifini joriy qilgan mamlakat o‘zining savdo sheriklari tomonidan o‘ch olish choralarini ko‘rish va asosiy eksport mahsulotlariga soliqlarni joriy qilish xavfini tug‘diradi.

O‘z navbatida, milliy iqtisodiyotni mustahkamlash uchun importni cheklash, tashqi savdoni tarif va notarif boshqarish orqali emas, balki zamonaviy iqtisodiy usullar yordamida, ya’ni quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va milliy iqtisodiyotni rivojlantirish mumkin deb hisoblaymiz.

Milliy ishlab chiqaruvchilarni raqobatbardoshligini oshirish, bunda milliy ishlab chiqaruvchilarga energiya manbalari va mavjud xomashyolardan samarali va erkin foydalanishiga shart-sharoitlar yaratish; milliy ishlab chiqaruvchilar uchun zarur infratuzilmani rivojlantirish, jumladan, temir yo‘llarning va avtomobil yo‘llarining sifatini oshirish, elektr ta’minoti sifatini oshirish; energiya infratuzilmasini rivojlantirish va iqtisodiyotning energiya samaradorligi oshirish; transport tizimining raqobatbardoshligini oshirish va mamlakatning tranzit salohiyatini amalga oshirish; milliy ishlab chiqaruvchilar uchun maqbul, imtiyozli kommunal va transport tariflarini belgilash lozim.

Fan, milliy innovatsion tizim va texnologiyalarni rivojlantirish, innovatsion biznesni qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiyotda innovatsiyalarga talabni kengaytirish, kichik va o‘rta innovatsion biznesni yaratish va rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan innovatsion biznesni tashkil etish va rivojlantirishdagi ma’muriy to‘siqlarni qisqartirish va kichik va o‘rta biznes innovatsiyalariga o‘tish uchun talablarni shakllantirish orqali tadqiqotlar va ishlanmalar uchun davlat buyurtmalarini shakllantirish, iqtisodiyot tarmoqlaridagi texnologik qoloqlikni kamaytirish maqsadida institutlar, universitetlar va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish talab etiladi.

Bu borada yuqori saviyali texnologik bilimga ega bo‘lgan mutaxassislarni jalb etish ham muhim ahamiyatga ega.

Yana bir jihati shundaki, yuqori texnologiyali va bazaviy tarmoqlarni rivojlantirish, ichki bozorga yo‘naltirilgan va mamlakat iqtisodiyoti rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlariga mos keladigan loyihalarda mahalliy korxonalariga berilgan kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarini byudjetdan subsidiya qilish orqali mahalliy korxonalarga uzoq muddatli kreditlar hajmini oshirish uchun sharoit yaratish kerak.

Shu bilan birga korxonalarni texnik qayta jihozlash uchun texnologik uskunalarni lizingga berish tizimini takomillashtirish, shu jumladan lizing to‘lovlari qiymatining bir qismini to‘lashni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etishga alohida e’tibor qaratish darkor.

Yangi ishlab chiqarishlarni rivojlantirish uchun investitsiya loyihalarini ishlab chiqish uchun moliya institutlari tomonidan kredit berish amaliyotini kengaytirish ham zamon talabidir. Sanoat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishda soliq imtiyozlaridan foydalanish; innovatsion ishlanmalarni, resurs va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, korxonalarni texnik va texnologik qayta jihozlash bilan bog‘liq loyihalarni amalga oshirishni rag‘batlantirish, mamlakat iqtisodiyotining energiya samaradorligini oshirish muammosini hal qilish doirasida yangi raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarishni rag‘batlantirish ham muhim ahamiyatga ega.

Milliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishini qo‘llab-quvvatlash, eksportni rag‘batlantirish, bunda keng ko‘lamli bojxona islohotlarini amalga oshirish, jumladan, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishdagi protseduralar sonini qisqartirish, ayrim talab qilinadigan hujjatlarni (ekspertiza, sertifikatsiya) bekor qilish, bojxona stavkalarini kamaytirish lozim.

Shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyatda tekshirish va nazoratni kamaytirish, tadbirkorlar va bojxona organlari xodimlari o‘rtasidagi aloqani minimallashtirish, eksportni amalga oshirgan tadbirkorlik subyektlariga soliq imtiyozlarini taqdim etish, eksportni amalga oshirgan tadbirkorlik subyektlariga imtiyozli kreditlar ajratish mexanizmini joriy etish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Furqat Yunusov,
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi
loyiha koordinatori