"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

XITOYGA YANA BIR SAMARALI TASHRIF


Avval xabar berganimizdek, Xitoyning Szinan shahrida «Innovatsiya va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish 2019: taklif va imkoniyatlar» mavzusidagi sammit bo‘lib o‘tdi. Unda  «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ishtirok etdi.

«Bir makon – bir yo‘l» tashabbusi doirasida o‘tkazilgan ushbu yirik anjuman doirasida Pekin shahrida ham Markaz rahbari tomonidan tadbirkorlar, investitsion banklar, xususiy korxonalar rahbarlari, tadqiqotchilar uchun O‘zbekistonda Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan taqdimot tadbiri tashkil etildi.

«Salom, Xitoy» yoshlar rivojlanishi bo‘yicha xalqaro alyansi («Hi China International Youth Development Alliance»), «TusStar» Bizness inkubatori, Xitoyning Garvard universiteti bitiruvchilari uyushmasi hamda Buyuk Britaniyaning «Tuspark» innovatsion ekotizimi hamkorligida o‘tkazilgan taqdimot marosimida, shuningdek, «TusStar» Bizness inkubatorini yaratishining asosiy tashabbuskori, nafaqat Xitoy, balki dunyoning nufuzli universitetlaridan biri Sinxuadan ham qator olim va professorlar ishtirok etishdi. Ularning aksariyati O‘zbekiston Respublikasida kechayotgan o‘zgarishlar bo‘yicha tadqiqotlar olib bormoqda.

 Shundan kelib chiqqan holda, Eldor Tulyakov o‘z chiqishlarida Harakatlar strategiyasi doirasida qabul qilinayotgan Davlat dasturlari va ularning amaliy natijalari, jumladan, keng ko‘lamdagi iqtisodiy islohotlar, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, qulay investitsion muhitni shakllantirishga qaratilgan sa’y harakatlar xususida ishtirokchilarga batafsil ma’lumot berdi. O‘z navbatida,  sammit qatnashchilari tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga bo‘lgan qiziqish yuqoriligini savol-javoblar yaqqol ko‘rsatib berdi. Pirovardida, ko‘plab korxona va tashkilot rahbarlari, investorlar olgan ma’lumotlariga tayangan holda mamlakatimizga sarmoya yo‘naltirishga qiziqish bildirdi.  

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi Axborot xizmati