• О'zbek
  • Davlat dasturi 2021
"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
Eduards STIPRAYS
6081 | 17 Sen. 2019 y.

XALQQA QAHRAMONLAR KERAK

Eduards STIPRAYS,
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi
:

– O‘zbekiston – Markaziy Osiyoning markazi. Biz uchun bu mamlakat Yevrosiyo qitʼasining o‘rtasida. Bu yerda biror ko‘rgulik bo‘lsa, butun qitʼaga taʼsir ko‘rsatadi. Buni hamma juda yaxshi tushunadi.

Mintaqa janubi esa tahlika maydoni. Afg‘oniston 40 yildan buyon notinch. Biz bunga ko‘z yuma olmaymiz. Barqarorlik va farovonlik biz uchun o‘ta muhim. O‘tgan ikki yil ichida mintaqaviy hamkorlik sari salmoqli qadamlar tashlandi. Mintaqaviy va mintaqalararo aloqa, sheriklik sari intilish bor.

Markaziy Osiyo xaritasiga qarasangiz, O‘zbekiston uning yuragida. Usiz hech qanday bog‘lanish, hamkorlik yo‘q. O‘zbekistondagi ijobiy o‘zgarishlar qo‘shni Tojikistonga ham ijobiy taʼsir ko‘rsatadi, aks holda u ajralib qoladi. Qo‘shni hududlar – Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘izistonning iqtisodiy rivojlanishi uchun O‘zbekiston taraqqiyoti juda muhim. Hamma narsa bir-biriga bog‘liq. Yevropa Ittifoqi mintaqaviy loyihalar, xususan mintaqaviy hamkorlik, chegara osha tijorat bobida loyihalarni qo‘llab-quvvatlashni xohlaydi.

Darhaqiqat, o‘zgarishlar ichida yashayapmiz. Bunga har kuni guvohmiz. O‘z ko‘zimiz bilan ko‘rayapmiz. Boshqalarning, masalan, jurnalistlarning tahliliga qarab emas, aytish joiz, o‘zim ko‘rib, tanishib, bilayapman.

Mamlakatda rasmiy bayonotlar va o‘zaro ayblovlar zamoni poyoniga yetib, jonli muloqot boshlangan. Biz teng sheriklar sifatida gaplashayapmiz. Faqat biz, Yevropa Ittifoqi, emas. AQSh va boshqalardan ham shuni eshitasiz. Muloqot ruhi va ko‘lami misli ko‘rilmagan darajada o‘zgardi.

Bugun islohotlarda yordamlashish borasida yakdillik bor. Biz BMT vakolatxonasi, Jahon banki va Osiyo Taraqqiyot banki, shuningdek, boshqa yirik donorlar bilan bir doiradamiz. Maqsad va yondashuv bir. Bu jarayonda, albatta eng muhim rolni O‘zbekiston hukumati bajaradi va bajarishi ham kerak. Jarayonga u yetakchilik qilishi kerak. Xalqaro yordam nimaga, qanday yo‘naltirilishini ular hal etib, samaradorligini taʼminlashi kerak.

O‘zbekistonda yangi avlod turli jabhalarda namoyon. Ularga qarab baribir yangiliklarni sezasiz. Davlat ishidagilarda ham, xususiy sektorda ham. O‘zbekiston iqtidor bobida hali ochilmagan dunyo. Negadir odamlar bilimi va tajribasini ko‘rsatishni maqtanish deb o‘ylab, yashiradi. Muvaffaqiyatini ko‘rsatgisi kelmaydi.

Sharq dunyosida bu narsa minglab yillardan beri chuqur ildiz otgan. Ajralib turish yaxshimas, hamma qatori bo‘lish kerak. Xitoy va yapon madaniyatida ham shunday.

Shunga qaramay, G‘arb va Yevropa taʼsiri ham seziladi. Muvaffaqiyat tan olinishi, ko‘rsatilishi, quvvatlanishi kerak. Undan xavfsiramaslik kerak.

Muvaffaqiyat odamlarga ilhom beradi, ularni oldinga yetaklaydi. Insonda o‘ziga nisbatan ishonchni oshiradi. Havas qilishadi, harakat qilishadi. Albatta, sharqona qadriyatlar chetga surilmasligi kerak, ayniqsa oilani eʼzozlash, qarindosh-urug‘chilik, mahalla-ko‘yga izzat, mehr-oqibat. Lekin inson yutug‘i tan olinishi kerak. Har bir xalqqa namunali vakillar, qahramonlar kerak.

 


3
Похожие новости