"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

Gruziya tajribasi o‘rganilmoqda

Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi hamda Toshkent yuridik universiteti vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Gruziyada bo‘lib turibdi.

Mazkur tashrif O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi va BMT Taraqqiyot dasturining «O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik» qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.

Delegatsiya a’zolari tashrif davomida sudlarning mustaqilligini va sud ishlarini yuritish samaradorligini oshirish, sudlarda korrupsiyaga qarshi kurashish, bepul huquqiy yordam mexanizmlarini rivojlantirish, nizolarni hal etishning samarali muqobil usullarini joriy qilish, xalqaro reytinglarda mamlakat pozitsiyasini yaxshilash hamda sudlar faoliyatiga zamonaviy AKTni integratsiya qilish borasida Gruziya tajribasini o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Shu o‘rinda, Gruziyada amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijasi va bu xalqaro reytinglarda qay tarzda aks etayotgani xususida ikki og‘iz.

Xalqaro moliya korporatsiyasining «Biznes yuritish» («Doing business 2019») reytingida Gruziya oltinchi pog‘onaga loyiq ko‘rilgan. Ro‘yxat esa, jami 190 mamlkatni o‘z ichiga oladi. Bu ko‘rsatkichda 2003-yildan buyon mamlakatda amalga oshirilgan 50 islohot muhim o‘rin tutadi. Bu institutsional islohotlardan tortib, samarali boshqaruvgacha bo‘lgan muhim jarayonlarning huquqiy asosini mustahkamlashga tayangan choralar majmuidir. Ularning natijasi esa, mamlakatning xalqaro miqyosdagi mavqeyini oshirish bilan birga, jozibador investitsion muhitni ham yuzaga keltirdi.

Shuningdek, Gruziya bir yo‘la 4 ta yo‘nalish bo‘yicha dunyoda kuchli o‘ntalikka kiradi. Bular, biznesni boshlash, minoritar investorlar huquqlarini himoyalash, mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish hamda shartnomalarni bajarish yo‘nalishlaridir.

Albatta, xalqaro miqyosda bunday ijobiy ko‘rsatkichlarga erishish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Bunda alohida faollik va tashabbus ko‘rsatayotgan barcha sektorlar faoliyatini e’tirof etish o‘rinli.

Shundan kelib chiqib, delegatsiya a’zolari tashrif davomida Gruziya Oliy sudi, Iqtisodiyot va barqaror rivojlanish vazirligi, Oliy adliya maslahati, Adliya vazirligi, Adliya oliy maktabi, Yuridik yordam xizmati, Gruziya milliy ijro byurosi va Tbilisi shahar sudida uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazadi.

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi Axborot xizmati