"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

GRUZIYAGA TASHRIF DAVOM ETMOQDA


Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi hamda Toshkent yuridik universiteti vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Gruziyada bo‘lib turibdi.

Tashrif dasturiga muvofiq, delegatsiya a’zolari turli vazirlik va idoralarda uchrashuvlar o‘tkazib, ularning faoliyati bilan yaqindan tanishmoqdalar.

Xususan, Gruziya Oliy sudida uchrashuv tashkil etildi. Unda ushbu mamlakatda sud tizimi va sudyalar faoliyati xususida taqdimot bo‘lib o‘tdi. Taqdimotda Gruziya sud organlari faoliyatining asoslari, sudyalar soni, Oliy sud raisi va o‘rinbosarlarining vakolatlari, sudlar idoraviy faoliyatining mexanizmlari, asosiy vazifalar kabi muhim jihatlarga alohida e’tibor qaratildi.

Kun tartibi bo‘yicha keyingi uchrashuv Gruziya Iqtisodiyot vazirligida tashkil etildi. Unda o‘tkazilgan taqdimot orqali delegatsiya a’zolari iqtisodiy mustaqillik, global raqobatbardoshlik, biznesni yuritish hamda qonun ustuvorligi kabi indekslar bo‘yicha xalqaro reytinglarda Gruziya egallab turgan o‘rinlar xususida batafsil tanishtirildi. Mehmonlarga mazkur xalqaro reytinglarni tuzish metodologiyasi, ularda mamlakat qayd etayotgan natijalarning sobiq ittifoq davlatlari, shu jumladan O‘zbekiston bilan qiyosiy natijalari hamda xalqaro reytinglarda ijobiy natija qayd etish uchun davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish borasida ham atroflicha ma’lumot berildi.

Navbatdagi taqdimot tadbiri arbitraj va mediatsiya masalalariga bag‘ishlandi. Ushbu mavzu bo‘yicha Arbitrlar assotsiatsiyasi vakili Sofo Tkemaladze hamda BMT Taraqqiyot dasturi menejeri Lika Kartsivadzelar taqdimot o‘tkazishdi.

Taqdimotlar orqali mehmonlar bahslarni hal etishning alternativ vosita va usullari, ularning huquqiy asoslari, shuningdek, Gruziyada mediatsiya, tomonlarning mediatsiyadan foydalanishiga oid statistik ma’lumotlar hamda mediatsiyani samarali qo‘llash bilan bog‘liq loyihalar bilan batafsil tanishtirildi.

Ayni paytda delegatsiya a’zolarining Gruziyaga tashrifi tadbirlar rejasi asosida davom etmoqda.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi Axborot xizmati