"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

2020-yilda Oʻzbekiston-Yaponiya munosabatlari yanada rivojlanadi

Yaponiya – ulkan iqtisodiy, industrial va intellektual salohiyatga ega mamlakat. Iqtisodiyot rivoji boʻyicha dunyoda uchinchi oʻringa ega kunchiqar mamlakat “Katta yettilik” davlatlari qatoriga kiradi, xalqaro maydonda ham muhim rol oʻynaydi.

Oʻzbekiston va Yaponiya mamlakatlarni yaqin koʻp qirrali hamkorlik bogʻlab turadi, ular strategik sherik hamdir. Davlatimiz rahbarining 2019-yil dekabr oyidagi Yaponiyaga rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirishning yangi bosqichini boshlab berdi.

2020-yilning 7-yanvar kuni esa “Taraqqiyot strategiyasi” markazida “Oʻzbekiston-Yaponiya: IV sanoat inqilobi davrida hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari” mavzuida davra suhbati oʻtkazildi. Unda asosiy eʼtibor ham 2020-yilda davlatlar oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga qaratildi. Mazkur tadbir “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi hamkorligida tashkil etildi. Muhokamalarda, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, “Maʼno” tadqiqot tashabbuslari markazi mutaxassislari ishtirok etdi.

Davra suhbati ishtirokchilari har ikkala mamlakatlar oʻrtasidagi doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlarini ijobiy baholashdi hamda uni yanada mustahkamlash masalalarini koʻrib chiqishdi. Taʼlim, madaniyat, sport, gumanitar almashinuv sohalarida keng imkoniyatlar mavjudligi taʼkidlandi. ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniyat, taʼlim, axborot kommunikatsiya sohalarida koʻp tomonlama hamkorlikni kuchaytirish yoʻnalishlari boʻyicha fikr almashildi.

Eldor Tulyakov, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Ijrochi direktori

- Bugungi tadbirda aynan Davlat rahbari tashrifi chogʻida imzolangan salmoqli hujjatlar va kelishuvlarni amalda ishlashini taʼminlash maqsadida bir qator ekspertlar bilan takliflar ishlab chiqildi. Taʼkidlash lozimki, Yaponiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi aloqalar nafaqat davlat rahbarlari darajasida, balki davlat va nodavlat tashkilotlar oʻrtasida ham mustahkamlanmoqda. Xususan, parlament nuqtayi nazaridan oladigan boʻlsak, Prezident tashrifi davomida bir guruh deputatlar Yaponiya parlamentining 20 dan ortiq aʼzolari bilan uchrashishdi. Aynan mana shu uchrashuv chogʻida yaponiyalik deputatlar ham Oʻzbekistonda boʻlayotgan islohotlarga ijobiy baho berishdi. Ahamiyatlisi, ular Oʻzbekistonda yuz berayotgan jarayonlar haqidagi batafsil maʼlumotga egalar. Bu ham yaponiyalik deputatlarning mamlakatimizga qiziqishining yuqori ekanligini bildiradi.

Ekspertlarning fikricha, Yaponiyaga tashrif yakunlari boʻyicha imzolangan kelishuvlar Yaponiya kapitalining Oʻzbekistonda mustahkam oʻrin egallashiga zamin yaratadi. Masalan, Nagoya shahri bilan Toshkentda yuqori texnologiyalar parki barpo etish, Oʻzbek – Yapon yoshlarining innovatsion markazini tashkil qilish boʻyicha erishilgan kelishuv natijasida iqtisodiyotning muhim tarmoqlari jadal rivojlanishini taʼminlovchi mustahkam platforma yaratiladi. Shuningdek, yosh, istiqbolli kadrlarni tayyorlash imkoniyatlari yanada kengayadi.

Turizm sohasi rivoji – bu mamlakatni dunyoga tanitishning muhim omili demakdir. 2018-yilda Yaponiya fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qilinishi kunchiqar yurtning fuqarolarini Oʻzbekistonga boʻlgan qiziqishi yanada orttirdi.

Shuningdek, davra suhbatida ekspertlar tomonidan mamlakatimizda Yaponiya OTMlari filiallarini tashkil etish qanchalik muhim ekanligi, undan tashqari, infrastrukturani yaxshilashga oid takliflar bildirildi.

Shuhrat Irgashev, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi loyiha rahbari

  • Hozirgi zamonaviy bosqichda Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasidagi munosabatlar ikki tomonlama hamkorlikning barcha sohalarida rivojlanib bormoqda. Tomonlar oʻzaro savdo hajmini yanada oshirish, sarmoyaviy, texnologik va moliyaviy-texnik hamkorlikni kengaytirish tarafdori ekanligini qayd etishmoqda.Shu bilan birga, Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasida ekologik havfsizlik sohasida hamkorlikni kuchaytirish muhim yoʻnalishlardan iri sanaladi. Barqaror rivojlanish va atrof-muhitga tahdid soluvchi ekologik muammolarni hal yetish jarayonida ilgʻor eko-texnologiyalardan foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi. Shunga monand bu sohada ilmiy-tadqiqot muassasalari va OTMlar oʻrtasida yanada faollashmoqda. Taʼkidlash joiz, Yaponiya Orol dengizi qurishi muammosini hal yetishda muntazam yordam koʻrsatib kelmoqda. Jumladan, Yaponiya hukumati beminnat tarzda $3 milliondan koʻproq mablagʻ ajratdi. Yaponiyaning ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ilgʻor tajribasi Oʻzbekiston uchun juda foydali boʻlishi mumkin, bu yesa ikki mamlakat oʻrtasidagi ushbu sohadagi hamkorlikni yanada mustahkamlashni talab yetadi.

Davra suhbati ishtirokchilari Toshkent va Tokio oʻrtasida “Yaponiya + Markaziy Osiyo” formatidagi hamkorlik haqida soʻz yuritishar ekan, Yaponiya Oʻzbekistonning Markaziy Osiyoda ishonchli va yaqin qoʻshnichilik muhitini yaratishga qaratilgan mintaqaviy siyosatini qoʻllab-quvvatlashini alohida qayd etishdi. Shu bilan birga, Kunchiqar mamlakat Markaziy Osiyoda oʻzining mintaqaviy siyosatini amalga oshirish uchun Oʻzbekistonga alohida ahamiyat qaratadi. Bunga Yaponiyaning mazkur mintaqa davlatlariga ajratgan yordami hajmining 57 foizi Oʻzbekistonga toʻgʻri kelishi fikrimiz dalilidir.

Davra suhbati qatnashchilari taʼkidlaganidek, kun sayin shiddat bilan rivojlanib borayotgan Oʻzbekiston uchun Yaponiya bilan koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirish yurtimizning strategik manfaatlariga toʻlaqonli mos keladi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati