"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
Chjang Venchuan
1222 | 18 Fev. 2020 y.

Men ushbu tadbirda ishtirok etayotganimdan juda ham mamnunman

Chjang Venchuan
Xitoy xalq Respublikasining O‘zbekistondagi
Favqulodda va Muxtor elchisining o‘rinbosari

Men ushbu tadbirda ishtirok etayotganimdan juda ham mamnunman. Prezident Murojaatnomasi juda ham mazmunli va ahamiyatli hujjatdir. Shaxsan men uni shu yil va yaqin 5 yilga mo‘ljallangan "yo‘l xaritasi" deb hisoblayman. Aytishim kerakki, so‘nggi 3 yilda O‘zbekiston tashqi siyosat, investitsiyalarni jalb qilish, turizm va taʼlimni rivojlantirish kabi sohalarda katta muvaffaqiyatlarga erishdi.

Bu yil “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb eʼlon qilindi va unda hurmatli Prezidentning uzoqni ko‘ra bilishi o‘z aksini topmoqda. Biz o‘ylaymizki, aynan ushbu 3 ta soha kelgusida mamlakatni yana-da rivojlantirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Misol uchun, raqamli iqtisodiyot - u mamlakat rivoji uchun yangi turtki va yangi turmush tarzi demakdir. Bu borada  Xitoy va O‘zbekiston ko‘plab loyihalarni amalga oshirishi mumkin deb o‘ylayman.

Murojaatnomadagi yana bir muhim vazifalardan biri – qashshoqlikka karshi kurashdir. Xitoyda o‘tgan yili qashshoqlikni kamaytirish bo‘yicha keng qamrovli ishlarni amalga oshirdik va bu o‘zining ijobiy natijasini bermoqda. Biz o‘z tajribamizni O‘zbekiston bilan o‘rtoqlashishga tayyormiz.

Hammaga yaxshi maʼlumki, Xitoy hozirda koronavirusning yangi turini davolash uchun kurash olib bormoqda. Vaziyatdan foydalanib, ushbu mavzuga to‘htalib o‘tmoqchiman. Mazkur koronovirus epidemiyasi natijasida hukumatimiz profilaktik tadbirlarni amalga oshirdi va ilk natijalarni qo‘lga kiritdi. Bugungi kunda epidemiya bilan kasallangan shaxslarning 99 foizi Xitoy hududiga to‘g‘ri kelmoqda. Biz o‘z harakatlarimiz bilan ushbu virusni ushlab qola oldik. Hozir Xitoyda hayot barqarorlashmoqda va biz dunyoning barcha mamlakatlaridan, jumladan, o‘zbek do‘stlarimizdan ham maʼnaviy va moliyaviy yordam olmoqdamiz. Bir necha kun oldin O‘zbekiston tomoni Prezident nomidan maxsus parvoz bilan Xitoyga yuk yubordi. Biz buning uchun juda ham minnatdormiz va ko‘p taʼkidlanganidek, do‘st boshga kulfat tushganda bilinadi. Do‘stlarimiz qo‘llab-quvvatlashida biz koronovirus bilan kurashda g‘alabaga erishishimiz mumkin.

«O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Murojaatnomasi: Harakatlar Strategiyasining 3 yillik samarasi va 2020-yilga belgilangan ustuvor vazifalar» xalqaro forumidagi fikr-mulohazalardan.

 


0
Похожие новости